Logo

O‘zbekiston energetika tizimini «noldan qurish» rejalashtirilmoqda

Bugun 16:013 daqiqa

Prezident yig‘ilishida energetika sohasini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Yangi rahbariyat infratuzilmani «noldan» qayta qurish, boshqaruvni raqamlashtirish va bozor mexanizmlarini jadal joriy etishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston energetika tizimini «noldan qurish» rejalashtirilmoqda © oliymajlisqonunchilikpalatasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohani tubdan isloh qilish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Yig‘ilishdan so‘ng Energetika vaziri etib tayinlangan Sherzod Xodjayev hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi boshqaruvining yangi raisi Sardor Isaqulov mamlakat energetika tizimida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Sherzod Xodjayevning ta’kidlashicha, Prezident vazirlik oldiga aniq va qat’iy vazifalar qo‘ygan. Unga ko‘ra, tizim rahbarlari va xodimlari ish vaqtining asosiy qismini kabinetlarda emas, balki mahallalarda, elektr va gaz infratuzilmasi obyektlarida o‘tkazishi lozim.

«Tizim xodimlari 90 foiz vaqtini pastda o‘tkazishi kerak, ya’ni mahallalarda, hududlardagi infratuzilma obyektlarida», — dedi vazir «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

Uch oyda yangi dastur tayyorlanadi

Yangi vazirning ma’lum qilishicha, Energetika vazirligiga uch oy muddat ichida mamlakatning barcha hududlarida elektr va gaz infratuzilmasini chuqur tahlil qilish vazifasi yuklatilgan.

Buning uchun aholi va iqtisodiyotning kelgusi ehtiyojlari hisob-kitob qilinib, energiya ta’minotini ishonchli ta’minlash bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqiladi.

Shu asosda Prezidentga energetika sohasini takomillashtirish bo‘yicha yangi qaror loyihasi kiritiladi.

Hujjatda tarmoqlarni modernizatsiya qilish, qarzdorlikni qisqartirish, texnik yo‘qotishlarni kamaytirish va sohada bozor mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgan choralar aks etadi.

Prezident yig‘ilishda mahsulotlar yetkazib berish tizimini isloh qilish, suyultirilgan gaz bozorida raqobat muhitini shakllantirish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar bergan.

«Tizimni noldan qurishimiz kerak»


«Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi boshqaruvining yangi raisi Sardor Isaqulov esa mamlakatda elektr ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat hali ham jiddiyligicha qolayotganini tan oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr ta’minotidagi uzilishlar va xizmat sifati bugungi kunda «juda ayanchli ahvolda». Shu bois Prezident butun energetika tizimini amalda «noldan» qayta tashkil etish vazifasini qo‘ygan.

«Bugun muhtaram prezidentimiz tizimni noldan isloh qilishimizni aytib o‘tdi. Energetika sohasini noldan qurib boramiz», — dedi Sardor Isaqulov.

Buning uchun har bir hududga energetika kompaniyalari rahbarlari biriktiriladi. Ular elektr uzilishlari ko‘p kuzatilayotgan va debitor qarzdorlik yuqori bo‘lgan tumanlarda bevosita ish olib boradi. Prezident har bir transformator va gaz taqsimlash punkti kesimida manzilli ish tashkil qilishni talab qildi.

Shuningdek, sentabrga qadar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni to‘liq yakunlash, elektr ta’minotidagi uzilishlarning sabablarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa bo‘ladi

Yangi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri raqamlashtirish hisoblanadi. Gap faqat aqlli elektr va gaz hisoblagichlarini keng joriy etish yoki billing tizimini avtomatlashtirish haqida emas.

Vazirning ta’kidlashicha, xodimlarga vazifa berish, kunlik hisobotlarni qabul qilish, bajarilgan ishlarni nazorat qilish va mehnat samaradorligini baholashgacha bo‘lgan barcha boshqaruv jarayonlari raqamli tizimga o‘tkaziladi.

Kadrlar tayyorlash tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Energetika sohasida tahsil olayotgan talabalarni dual ta’lim asosida ishlab chiqarishga keng jalb etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi texnikumlarda Shirin shahri tajribasi asosida zamonaviy laboratoriyalar va o‘quv poligonlari tashkil etiladi.

Ta’lim dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirilib, xorijiy investorlar ishtirokida yangi mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Teglar

Mavzuga oid