O‘zbekiston eng yuqori maosh to‘lanadigan davlatlar reytingida 117-o‘rinni egalladi
Xalqaro reytingda dunyo mamlakatlari aholisining o‘rtacha oylik ish haqi e’lon qilindi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston Qozog‘iston va Turkmanistondan keyin uchinchi o‘rindan joy olgan.
© Foto: Stat.uzCEOWORLD tahliliy nashri 2025 yil uchun e’lon qilingan global reytingga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi eng ko‘p maosh oladigan davlatlar orasida 117-o‘rinni egalladi. Reytingda O‘zbekiston aholisining o‘rtacha oylik maoshi 458 dollar ekanligi ko‘rsatilgan.
Eng ko‘p maosh to‘laydigan mamlakatlar Shveysariya (8218 dollar), Luksemburg (6740 dollar), AQSH (6562 dollar), Islandiya (6548 dollar), Norvegiya (5772 dollar), Daniya (5749 dollar), Kanada (5188 dollar), Irlandiya (4729 dollar), Niderlandiya (4688 dollar) va Singapur (4457 dollar) bo‘ldi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston 77-o‘rinda, Turkmaniston 80-o‘rinda, Qirg‘iziston 132-o‘rinda va Tojikiston 138-o‘rinda qayd etildi.
Falastin aholisi eng kam maosh oluvchi davlat sifatida qayd etildi. U yerda aholining o‘rtacha oylik maoshi 104 dollar ekanligi yozilgan.





