
O‘zbekiston FIFA reytingida bir pog‘ona ko‘tarildi
19.09.2025 | 11:0016173
O‘zbekiston terma jamoa CAFA Nations Cup musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritib, o‘z mavqeini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFAning yangilangan reytingida bir pog‘ona yuqorilab, 54-o‘ringa ko‘tarildi. Bu natija orqali jamoa Osiyoda kuchli oltilikka kirib, mintaqada o‘z pozitsiyasini yanada mustahkamladi.
FIFA 18 sentyabr kuni e’lon qilgan yangilangan reytingda o‘zbekistonlik futbolchilar 1453,31 ochko bilan qayd etildi. Jamoa so‘nggi ikki oy davomida 4,19 ochko to‘plab, natijalarini yaxshilagan. Bu jarayonda terma jamoa CAFA Nations Cup musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritib, o‘z mavqeini mustahkamladi.
Turnir davomida O‘zbekiston Turkmanistonni 2:1, Qirg‘izistonni esa 4:0 hisobida mag‘lub etgan, O‘mon bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi. Finalda esa Eron ustidan 1:0 hisobidagi muhim g‘alabaga erishdi. Mazkur natijalar milliy terma jamoaga xalqaro maydonda katta nufuz olib keldi.
Osiyoda esa O‘zbekiston Yaponiya (19-o‘rin), Eron (21-o‘rin), Janubiy Koreya (23-o‘rin), Avstraliya (25-o‘rin) va Qatardan (53-o‘rin) keyingi o‘rinda turibdi. O‘zbekistondan so‘ng esa Iroq (58-o‘rin) va Saudiya Arabistoni (59-o‘rin) joy oldi.
Dunyo reytingida yetakchilikni Ispaniya qo‘lga kiritdi, Fransiya ikkinchi, Argentina esa uchinchi o‘ringa tushdi. Kuchli o‘nlikdan Angliya, Portugaliya, Braziliya, Niderlandiya, Belgiya, Xorvatiya va Italiya o‘rin olgan.





