O‘zbekiston ham a’zo bo‘lgan «Tinchlik kengashi» mablag‘ yo‘qligidan bong urmoqda

Kengash G‘azoni tiklash maqsadida Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan.

O‘zbekiston ham a’zo bo‘lgan «Tinchlik kengashi» mablag‘ yo‘qligidan bong urmoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan «Tinchlik kengashi» G‘azoni tiklash bo‘yicha loyihani moliyalashtirish jarayonida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tuzilma vakillari va’da qilingan mablag‘lar hamda amalda ajratilgan mablag‘lar o‘rtasidagi farqni tezlik bilan bartaraf etish zarurligini ta’kidlamoqda.

Moliyalashtirishdagi kechikishlar G‘azoni tiklash rejasini amalga oshirish jarayoniga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

BMT Xavfsizlik Kengashining 15-may sanasi bilan taqdim etilgan hisobotida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Unda moliyaviy kechikishlar yirik infratuzilma rejalarini amalga oshirish sur’atiga ta’sir qilishi mumkinligi aytilgan.

Moliyaviy bo‘shliq hajmi

Hisobotda keltirilishicha, G‘azoni tiklash rejasining umumiy qiymati 70 milliard dollarga baholangan. Biroq hozirgacha qancha mablag‘ haqiqatda kelib tushgani va umumiy taqchillik hajmi qanday ekani haqida aniq raqamlar keltirilmagan.

Shu bilan birga, davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan hozirgacha 17 milliard dollar ajratish bo‘yicha majburiyatlar bildirilgan.

«Tinchlik kengashi» tashabbusga hali qo‘shilmagan davlatlarni ham moliyaviy jarayonlarda ishtirok etishga chaqirgan.

Tashabbus tarixi

22-yanvar kuni Davos shahrida o‘tkazilgan «Jahon iqtisodiy forumi» doirasida 19 davlat vakillari «Tinchlik kengashi» ustavini imzolagan.

Ushbu davlatlar orasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari ham bor. Tashkilotning birinchi yig‘ilishi 19-fevral kuni Vashington shahrida o‘tkazilgan.

Teglar

Mavzuga oid