
O‘zbekiston Kaspiy orqali xalqaro internet liniyasiga ulanmoqchi
Saudiyaning «DataVolt» kompaniyasi O‘zbekistonni Qozog‘iston va Ozarbayjonni bog‘lovchi Kaspiy suvosti kabel liniyasiga ulashni muhokama qilmoqda. Loyiha internet xavfsizligi va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

Saudiya Arabistonining «DataVolt» kompaniyasi O‘zbekistonni Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi xalqaro aloqa liniyasiga ulash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Rajit Nanda «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakat internet trafigi asosan Yevropa orqali o‘tadi, bu esa xavfsizlik va barqarorlik nuqtai nazaridan tavakkalli hisoblanadi. Shu bois, Qozog‘iston va Ozarbayjonni bog‘laydigan Kaspiy dengizi tubidan o‘tuvchi yangi optik tolali liniya O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. U nafaqat aloqa barqarorligini ta’minlaydi, balki iqtisodiyotga milliardlab foyda keltirishi ham mumkin.
Rajit Nandaning ta’kidlashicha, «bunday yo‘nalish mamlakatning raqamli transformatsiya jarayonlarini tezlashtirib, sun’iy idrok va telekommunikatsiya sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi».
«DataVolt» ayni paytda Toshkentdagi IT Park hududida quvvati 12 MVt bo‘lgan ilk «yashil» data-markaz qurilishini boshlagan. Bu Markaziy Osiyoda sun’iy idrok texnologiyalari asosida faoliyat yurituvchi ilk ma’lumotlarni qayta ishlash markazi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni ushbu loyihaning amalga oshirilishini rasman boshlab berdi.
Kompaniya «Oracle» va «Amazon» kabi xalqaro IT-korporatsiyalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Yangi Toshkent va Buxoro viloyatida yangi data-markazlar qurishni rejalashtirmoqda.
Transkaspiy liniya loyihasi 380 kilometr uzunlikdagi optik tolali kabel qurilishini o‘z ichiga oladi. U Aqtau (Qozog‘iston) va Sumg‘ayit (Ozarbayjon) shaharlarini bog‘laydi hamda sekundiga 400 terabitgacha ma’lumot uzatish imkonini beradi. Qurilishni «AzerTelecom» va «Kazakhtelecom» kompaniyalari 2026 yil oxirigacha yakunlashi kutilmoqda.
Loyiha «Raqamli ipak yo‘li» tashabbusining bir qismi bo‘lib, u Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Qozog‘iston va Turkmaniston orqali yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya koridorini yaratishni maqsad qilgan.





