add

O‘zbekiston Kremniy vodiysida o‘zining ofisini ochadi

28.11.2025 | 18:385081 daqiqa

Mamlakat o‘zining sun’iy intellekt ishlanmalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishni boshlaydi.

O‘zbekiston Kremniy vodiysida o‘zining ofisini ochadi

O‘zbekiston Kremniy vodiysida sun’iy intellekt sohasidagi mahalliy ishlanmalarni jahon miqyosida targ‘ib qilish uchun o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqda bugun, 28-noyabr kuni mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tkazilgan sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumda ma’lum qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashabbus o‘zbekistonlik mutaxassislar va dunyoning yetakchi texnologiya kompaniyalari, sarmoyadorlar hamda akseleratorlar o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan.

«Asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni nafaqat zamonaviy texnologiyalar iste’molchisi, balki ularni yaratadigan, eksport qiladigan va global miqyosda raqobatlasha oladigan davlatga aylantirishdir. Milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorga yo‘naltirish borasida AQSHning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisini ochib, yoshlarimiz va startap asoschilarini yirik kompaniyalar, investor va akseleratorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash imkoniyatini yaratamiz», - dedi Mirziyoyev.

Xalqaro ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kelgusi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 10 milliard dollar qo‘shimcha qiymat keltirishi mumkin.

Prezidentning ta’kidlashicha, AT sohasini rivojlantirish strategiyasi doirasida 2030 yilga qadar AT-xizmatlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish va minglab yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid