Logo

O‘zbekiston olti oyda gazni eksport qilganidan 4,2 baravar ko‘proq import qildi

Kecha 18:333 daqiqa

Yil boshidan buyon mamlakat qariyb 1 mlrd dollarlik tabiiy gaz import qilib, 232,9 mln dollarlik gaz sotdi. Natijada import hajmi eksportdan 4,2 baravar yuqori bo‘lgan

O‘zbekiston olti oyda gazni eksport qilganidan 4,2 baravar ko‘proq import qildi

Yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 971,7 mln AQSH dollarlik tabiiy gaz import qildi. Ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 41,4 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Yanvar–may yakunida esa gaz importi 724,7 mln dollar bo‘lib, o‘sish sur’ati 84,1 foizni tashkil etgandi. Bu esa iyun oyida yana 247 mln dollarlik gaz import qilinganini anglatadi.

Shunday qilib, iyun oyida import hajmi sezilarli oshgan bo‘lsa-da, yarim yillik yakunida yuqori baza ta’siri hisobiga yillik o‘sish sur’ati 84,1 foizdan 41,4 foizgacha sekinlashgan.

1

Yanvar–may oylarida gaz importi quyidagicha taqsimlangan:

●     yanvar — 167,6 mln dollar;

●     fevral — 34,6 mln dollar;

●     mart — 158,3 mln dollar;

●     aprel — 147,8 mln dollar;

●     may — 216,4 mln dollar.

Bundan kelib chiqib, iyun oyida import qariyb 247 mln dollarни tashkil etgan. Bu yanvar–iyun davridagi eng yuqori oylik ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shuningdek, hisobot davrida 86,3 mln dollarlik suyultirilgan gaz (propan) import qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3,6 barobar ko‘p.

Eksport 34,4 foizga qisqardi

2026 yilning olti oyida O‘zbekiston 232,9 mln AQSH dollarlik tabiiy gaz eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,4 foizga kam.

Taqqoslash uchun, yanvar–may yakunlariga ko‘ra gaz eksport 202,9 mln dollarni tashkil etgan va yillik pasayish 29,6 foiz darajasida bo‘lgandi. Demak, iyun oyida qo‘shimcha 30 mln dollarlik gaz eksport qilingan. Shu bilan birga, yarim yillik yakunida eksportdagi pasayish sur’ati yanada chuqurlashib, 29,6 foizdan 34,4 foizgacha yomonlashgan.

Yanvar–may oylarida gaz eksporti oylar kesimida quyidagicha shakllangan:

●     yanvar — 0 dollar;

●     fevral — 7,1 mln dollar;

●     mart — 29,4 mln dollar;

●     aprel — 92,7 mln dollar;

●     may — 73,5 mln dollar.

Shundan kelib chiqib, iyun oyida eksport hajmi taxminan 30 mln dollarni tashkil etgan.

Ammo Vaqt.uz o‘rgangan O‘zbekiston va Xitoy statistikalari o‘rtasida farq mavjud. Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondan Xitoyga gaz eksporti 218,68 mln dollarni tashkil qilgan. Ikki davlat statistikasi orasidagi tafovut 14,2 mln dollardan oshadi.

2

            Xullas, olti oyda tabiiy gaz importi eksportdan 4,2 baravar yuqori bo‘ldi. Hisobot davrida mamlakat 971,7 mln dollarlik gaz import qilgan bo‘lsa, 232,9 mln dollarlik gaz eksport qildi. Natijada gaz bo‘yicha tashqi savdo balansida 738,8 mln dollarlik import ustunligi yuzaga kelgan.

Boshqa yoqilg‘i mahsulotlari savdosi

Tabiiy gazdan tashqari, O‘zbekiston yanvar–iyun oylarida 422,2 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 54,3 foizga ko‘p. Shuningdek, 116,2 mln dollarlik elektr energiyasi (+13,4 foiz) va 1,5 mln dollarlik ko‘mir, koks hamda briketlar (+38 foiz) eksport qilindi.

Natijada, mineral yoqilg‘i mahsulotlari eksporti jami 772,8 mln dollarni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 5,6 foizga oshgan.

Importda esa asosiy ulush yana neft va neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Hisobot davrida bu yo‘nalishda 1,11 mlrd dollarlik mahsulot olib kirilgan bo‘lib, o‘sish 8,1 foizni tashkil etdi. Jumladan, 409,5 mln dollarlik benzin import qilinib, uning hajmi bir yilda 78,5 foizga oshgan. Dizel importi esa aksincha, 11,1 foizga kamayib, 228,9 mln dollarni tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 92,2 mln dollarlik ko‘mir, koks va briketlar (+3,2 foiz) hamda 55,1 mln dollarlik elektr energiyasi import qildi. Elektr energiyasi importi o‘tgan yilga nisbatan 15,6 foizga qisqargan.

Teglar

Mavzuga oid