add

O‘zbekiston pasporti dunyodagi eng kuchli pasportlar reytingida 75-o‘rinni egalladi

Bugun 08:582 daqiqa

Yangi xalqaro reytingga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 61 ta davlatga vizasiz yoki viza olishning soddalashtirilgan tartibi bilan sayohat qilishi mumkin.

O‘zbekiston pasporti dunyodagi eng kuchli pasportlar reytingida 75-o‘rinni egalladi

Xalqaro migratsiya va fuqarolik bo‘yicha nufuzli tadqiqotni yurituvchi «Henley & Partners» kompaniyasi e’lon qilgan navbatdagi Henley Passport Index reytingida O‘zbekiston pasporti dunyodagi eng kuchli hujjatlar orasida 75-o‘rinni egalladi. Indeks 101 ta mamlakat pasportini qamrab olgan bo‘lib, unda fuqarolarning vizasiz yoki viza olishni soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish imkoniyatlari baholanadi.

Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari hozirda 61 ta davlatga oldindan viza olmasdan kirish imkoniyatiga ega. Xuddi shunday ko‘rsatkich bilan Qirg‘iziston pasporti ham 75-o‘rinni egallab turibdi. Markaziy Osiyo respublikalarida bu borada Qozog‘iston pasport yetakchi. Ularning 78 ta davlatga vizasiz kirishga izn beradi va 61-o‘rindan joy olgan.

Ozarboyjon pasporti 67-o‘rinda va u 70 davlatga bemalol kirish imkoniyatini beradi. Tojikiston 81-o‘rinda (54 ta davlat) va Turkmaniston 87-o‘rinda (47 ta davlat).

Qayd etib o‘tish kerak, 2025 yilda O‘zbekiston pasporti kuchi jihati bo‘yicha 80-o‘rinda qayd etilgan edi. O‘tgan yilning boshida O‘zbekiston pasporti bilan 64 ta davlat ochiq bo‘lgan.

Jahon miqyosida esa yetakchilikni yana bir bor Singapur saqlab qoldi. Ushbu davlat pasporti egalari 192 ta mamlakatga vizasiz sayohat qilishi mumkin bo‘lib, bu indeks tarixidagi eng yuqori natija hisoblanadi. Ikkinchi o‘rinni Janubiy Koreya va Yaponiya bo‘lishib olgan — ularning fuqarolari uchun 188 ta davlat ochiq. Uchinchi pog‘onani esa Daniya, Luksemburg, Ispaniya, Shvetsiya va Shveysariya kabi Yevropa davlatlari egallab, ular 186 ta mamlakatga vizasiz kirish imkoniyatiga ega.

Indeksning quyi qismida esa uzoq yillik mojarolardan jabr ko‘rayotgan davlatlar qolmoqda. Afg‘oniston pasporti eng zaif deb topilib, uning fuqarolari atigi 24 ta davlatga vizasiz kirishi mumkin. Suriya va Iroq ham eng past ko‘rsatkichlarga ega mamlakatlar qatorida qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid