
O‘zbekiston pasporti jahon reytingidagi o‘rini ikki pog‘ona ko‘tarildi
08.09.2025 | 10:208123
Henley pasport indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston pasporti 72-o‘rinda joy oldi. Reyting mamlakatlar fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soniga ko‘ra shakllantiriladi.

Iyul oyida ushbu reytingda davlatimiz pasporti 74-o‘rinni egallab turgandi. Bu gal esa 2 pog‘onaga yuqoriladi. Hisobotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar hozirda 62 davlatga vizasiz safar qilishi mumkin. Iordaniya qiroli Abdulla II ibn al-Husayn ning yurtimizga tashrifidan so‘ng bu davlat bilan ham 30 kunlik vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyoda yetakchi hisoblangan Qozog‘istondan ancha past — qo‘shni mamlakat fuqarolari 79 davlatga vizasiz kirish huquqiga ega.
Jahon reytingida eng yuqori uchlikka Singapur, Yaponiya va Janubiy Koreya kirdi. Singapur pasporti egalari 193 davlatga, Yaponiya va Janubiy Koreya fuqarolari esa 190 davlatga vizasiz safar qilishi mumkin.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘iziston 71-o‘rinni, Tojikiston 78-o‘rinni, Turkmaniston esa 84-o‘rinni egalladi. Afg‘oniston, Iroq va Suriya esa ro‘yxatning eng oxirgi pog‘onalaridan joy oldi.
Henley pasport indeksi xalqaro sayohat imkoniyatlarini solishtirish uchun eng ishonchli reytinglardan biri hisoblanadi va u muntazam yangilanib boriladi.
Avvalroq so‘nggi o‘n yilda Markaziy Osiyo davlatlaridan necha kishi Shengen vizasi uchun ariza topshirgani haqida ma’lumot bergan edik.





