
«O‘zbekiston pochtasi» AJ xususiylashtirilgani haqidagi xabarlar rad etildi
13.10.2025 | 17:002243
Kompaniyaning rasman ma’lum qilishicha, xususiylashtirish haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ayni paytda investitsiya jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Saytimizda avvalroq «UzPost» xususiylashtirilgani haqida xabar berilgan edi. «O‘zbekiston pochtasi» AJning ma’lum qilishicha, ayni paytda kompaniya faoliyatiga investitsiyalarni jalb etish masalasini ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus pochta infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistikani rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish va tarmoqni kengaytirish, xususan, qishloq va olis hududlarda pochta jo‘natmalari hamda posilkalarni qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha zamonaviy quvvatlarni yaratishga qaratilgan.
Shuningdek, kompaniya transformatsiyasi va investitsiyalarni jalb etish jarayoni uning uzoq muddatli barqaror faoliyatini ta’minlash, yetkazib berish bozorida o‘sib borayotgan xususiy operatorlar sharoitida raqobatbardoshlikni oshirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish va aholining barcha qatlamlari, jumladan, chekka hududlarda yashovchilar uchun universal pochta xizmatlarining mavjudligini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Bu jarayon yangi ish o‘rinlari yaratish, elektron tijoratni rivojlantirish va mamlakat miqyosida shu yo‘nalishdagi xizmatlar sifatini oshirishga ham turtki beradi.
Hozir «O‘zbekiston pochtasi» AJ aksiyadorlari qatorida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, davlat ishtirokidagi beshta korxona hamda 16 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar mavjud.
Kompaniya faoliyatida yirik investor ishtirokini ko‘zda tutuvchi o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda, bu haqdagi ma’lumotlar «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq rasmiy tarzda e’lon qilinishi ta’kidlangan.





