O‘zbekiston Prezidenti YOIIga beshta yangi tashabbusni ilgari surdi

Ostonada bo‘lib o‘tayogan sammitda Shavkat Mirziyoyev YOII bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini taklif qildi. Tashabbuslar savdo, sanoat va migratsiyani qamrab oladi.

O‘zbekiston Prezidenti YOIIga beshta yangi tashabbusni ilgari surdi © prezident.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tayogan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim takliflarni ilgari surdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar kompleks iqtisodiy sheriklik darajasiga chiqqanini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, o‘zaro savdo hajmi o‘sib, sanoat kooperatsiyasi chuqurlashmoqda, logistika va raqamli iqtisodiyot sohalarida yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

Prezident joriy yilda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan uch yillik hamkorlik rejasi yakunlanayotganini bildirib, kuzda Toshkentda Qo‘shma ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish va yangi hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif qildi.

Raqamli savdo

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz savdo uchun yagona raqamli makon yaratish muhimligini ta’kidladi. Bu elektron tijoratni rivojlantirish, bojxona va nazorat tizimlarida raqamli ma’lumot almashish hamda elektron hujjatlarni o‘zaro tan olishni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, davlat rahbari raqamli tranzitni joriy qilish, kuzatuv tizimlarini integratsiyalash va «aqlli» transport-bojxona yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.

Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyalar

Prezident sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda YOII bilan hamkorlikda qo‘shma loyiha ofisi tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi.

«YOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz»,— deyiladi Prezident nutqida.

«Yashil» iqtisodiyot va sun’iy intellekt

Nutqda sanoatni «yashil» transformatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma dastur qabul qilish taklifi ham o‘rin oldi. Prezident energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy qilish va sun’iy intellektdan foydalanish orqali sanoat raqobatbardoshligini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.

Migratsiya va turizm sohasida hamkorlik

Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi sohasida milliy elektron xizmatlarni o‘zaro bog‘lash, shuningdek, «Markaziy Osiyo turistik halqasi» tashabbusi doirasida YOII mamlakatlari bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish taklif qilindi.

Prezident so‘z yakunida O‘zbekistonning YOII bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.

Teglar

Mavzuga oid