
O‘zbekiston–Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 17 foizga o‘sgan
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston energetika vaziri o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida vazir Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning salomini davlat rahbariga yetkazdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklikning, ayniqsa energetika sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 17 foizga oshgan. Shu bilan birga, yuk tashish hajmi ham ortgani, iqtisodiyotning turli ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari samarali amalga oshirilayotgani bildirildi.
Uchrashuvda energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik alohida qayd etildi. Ayni paytda ikki davlat o‘rtasida elektr energiyasini barqaror yetkazib berish va tranzit qilish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, «yashil» energetika yo‘nalishida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Prezident Mirziyoyev suv energetikasini yanada rivojlantirish ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy ahamiyat kasb etuvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan «Qambar-ota GES-1» qurilishini jadal ilgari surish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon, Turkiya, BAA energetika vazirlari bilan ham uchrashganligi haqida xabar berilgan edi.





