O‘zbekiston sog‘liqni saqlash reytingida top 50 talikka kirdi
Sog‘liqni saqlash indeksida O‘zbekiston 101 ta davlat orasida 49-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyo davlatlari ichida esa yetakchi bo‘ldi. Xo‘sh, ushbu ko‘rsatkich nimani anglatadi, reyting qay tartibda shakllantiriladi?
© freepik.com — freepik«Numbeo» platformasi dunyo mamlakatlarining sog‘liqni saqlash tizimi sifati bo‘yicha Health Care Index reytingini muntazam e’lon qilib boradi. Mazkur reyting turli davlatlarda tibbiy xizmatlar sifati va infratuzilma darajasini o‘zaro taqqoslash imkonini beradi.
Mintaqada O‘zbekistonning o‘rni qanday?
Xalqaro sog‘liqni saqlash reytingining birinchi yarim yilligida O‘zbekiston tizim samaradorligi bo‘yicha 64,4 ball bilan 49-o‘rinni egalladi. Shaharlar kesimida esa Toshkent 65,7 ball bilan Markaziy Osiyoda Ostona shahridan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.
Reytingda O‘zbekistonning eng yaxshi baholangan jihatlari tibbiyot muassasalarining aholiga yaqin joylashgani, shifokorlarning bemorlar bilan munosabati va tibbiy xizmatlarning narxi qulayligi bo‘yicha 68-71 ball oralig‘ida baholandi. Shu bilan birga, zamonaviy diagnostika uskunalari bilan ta’minlanganlik (59,3 ball) hamda shifokor ko‘rigini kutish vaqti (58,3 ball) nisbatan past ko‘rsatkich qayd etgan yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi.
Bu O‘zbekistonning xalqaro sog‘liqni saqlash reytinglaridagi ilk natijasi emas. 2025 yil O‘zbekiston «Ceoworld Magazine» jurnalining sog‘liqni saqlash tizimi sifati bo‘yicha tuzilgan reytingida ham qayd etilgan edi. Unda mamlakat 110 ta davlat orasida 36,26 indeks bilan 64-o‘rindan joy olgandi.

Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ro‘yxatga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston kiritilgan. O‘zbekiston top 50 talik bilan mintaqada eng yuqori natijani qayd etgan bo‘lsa, Qozog‘iston 60,7 ball bilan 61-o‘rinni egalladi. Shu tariqa, reytingda ishtirok etgan mintaqa davlatlari orasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichi yuqori bo‘ldi.
MDH davlatlari kesimida ham O‘zbekiston yetakchilik qildi. (reytinga kiritilgan davlatlar kesimida) Mamlakat Rossiya (60-o‘rin), Qozog‘iston (61-o‘rin) va Armanistonni (62-o‘rin) ortda qoldirdi. Belarus 91-o‘rin bilan hamda Ozarbayjon 92-o‘rin bilan eng past natijani ko‘rsatdi.
Tayvandan Suriyagacha: sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasidagi farq nimada?
Yetakchi davlatlar. Reytingda birinchi o‘rinni Tayvan egalladi. Mamlakat 87,1 ball bilan 101 ta davlat orasida eng yuqori natijani qayd etdi. Buning asosiy sabablaridan biri esa tibbiy sug‘urta qamrovining kengligidir. Mamlakatda 1995 yilda joriy etilgan Milliy tibbiy sug‘urta (NHI) tizimi aholining qariyb 99 foizini qamrab olgan. Hatto Tayvanda olti oydan ortiq yashayotgan xorijliklarga ham bu tartib amal qiladi.
Tayvan sog‘liqni saqlash tizimining yana bir afzallik tomoni shundaki, har bir sug‘urtalangan shaxsda smart-kartasi bor. Bu orqali shifokorlar bemorning kasallik tarixi, qabul qilgan dori vositalari va tahlillari haqidagi ma’lumotlarni bevosita ko‘rishi mumkin. Bu esa tashxis qo‘yish jarayonini tezlashtirib, tibbiy xizmatlar samaradorligini oshiradi.
Bu davlat sug‘urta xarajatlarning asosiy qismini qoplagani sababli, bemorlar faqat kichik qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshiradi. Masalan, klinikalarda shifokor ko‘rigi 1,5–4,5 dollar (18-55 ming so‘mgacha), yirik shifoxonalarda esa 9–12 dollar (108-145 ming so‘mgacha) atrofida bo‘ladi.
Ikkinchi pog‘onada Janubiy Koreya 83 ball bilan qayd etilgan. Bu davlatda sog‘liqni saqlash tizimi raqamlashtirilgan. Shuningdek, og‘ir kasalliklarni erta aniqlash uchun milliy skrining dasturlari joriy etilgan. Bu kasalliklarni erta aniqlash va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Yaponiya esa 79,9 ball bilan uchinchi o‘rinni egallagan. Mamlakatdagi uzoq umr ko‘rish ko‘rsatkichi, kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralar va rivojlangan tibbiy infratuzilma uning yuqori natijadan joy olishiga sabab bo‘ldi.
Reytingning yuqori beshligidan Ekvador 78,2 ball bilan, Niderlandiya 77,6 ball bilan joy olgan. Niderlandiyada tibbiy sug‘urta va xizmatlarni tashkil etish tizimi juda yaxshi rivojlangan. Ekvador davlati esa xalqaro standartdagi stomatologiya, plastik jarrohlik, kardiologiya va ortopediya xizmatlarini AQSH hamda Yevropaga nisbatan 25-50 foizgacha arzon narxlarda ko‘rsatishi bilan boshqalaridan ajralib turadi.

Eng quyi davlatlar. Sog‘liqni saqlash tizimida Suriya eng past darajada baholangan. Mamlakat 35,7 ball bilan 101-o‘rinni egalladi. Bunga 2011 yildan buyon davom etayotgan qurolli mojaro oqibatida sog‘liqni saqlash tizimida yuzaga kelgan jiddiy muammolar sabab bo‘lgan. Mojarolar sabab suriyalik shifokor va tibbiyot xodimlarining 70 foizdan ortig‘i mamlakatni tark etgan.
Urushgacha Suriya o‘z ehtiyojining 90 foiz dori-darmonini o‘zi ishlab chiqaradigan Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdagi yetakchi davlatlardan biri edi. Bugungi kunda dori zavodlarining aksariyati vayron bo‘lgan. Bu kabi mojarolar mamlakatning xalqaro reytingda eng yomon natija ko‘rsatishiga sabab bo‘lmoqda.
Reytingning past ko‘rsatkichlardan biri Venesuela 39,4 ball bilan 100-o‘rindan joy olgan. Shuningdek, quyi qismda Bangladesh 42,1 ball, Marokash 46,8 ball va Iroq 47,2 ball bilan qayd etilgan. Bu mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimiga ta’sir qiluvchi omillar turlicha bo‘lsa-da, tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash va malakali tibbiyot xodimlari yetishmovchiligi hanuz dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Sog‘liqni saqlash indeksi qanday shakllantiriladi?
Numbeo Health Care Index davlatlarning sog‘liqni saqlash tizimini foydalanuvchilarning baholari asosida shakllantiradi. Reyting platformaga tashrif buyurgan foydalanuvchilarning so‘nggi 36 oy davomida qoldirgan onlayn baholari asosida hisoblanadi. Yakuniy indeks 0 dan 100 ballgacha bo‘lgan shkalada aniqlanadi.
Indeksni hisoblashda foydalanuvchilar sog‘liqni saqlash tizimini 7 ta asosiy mezon bo‘yicha baholaydi.
Bular:
● tibbiyot xodimlarining malakasi;
● tashxis qo‘yish va davolash tezligi;
● shifoxonalarning zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangani;
● tibbiy xizmatlar sifati, tibbiy hisobot va tekshiruvlar aniqligi;
● aholiga qulayligi;
● xizmatlarning narxi;
● tibbiy muassasalardan foydalanish imkoniyatidir.
Numbeo reyting ishonchliligini oshirish maqsadida bir nechta texnik filtrlardan foydalanadi. Xususan, bir xil IP-manzildan yuborilgan takroriy baholar tekshiriladi, so‘nggi yillarda berilgan baholarga eski raqamlar taqqoslanib, xalqaro reyting tuziladi.
Umuman olganda, O‘zbekistonning top-50 talikka kirgani sog‘liqni saqlash tizimi xalqaro reytingda ijobiy tomonga o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Biroq reytingdagi o‘rinni yaxshilash uchun tibbiy sug‘urta qamrovini kengaytirish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, xizmatlarni raqamlashtirish muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Numbeo platformasida Health Care Index foydalanuvchilarining baholari va so‘rovnoma natijalari asosida tuziladigan reyting hisoblanadi.





