add

O‘zbekiston tashqi savdosi: 2025 yilda mamlakat kimlar bilan oldi-berdi qildi?

2025 yilda respublikaning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 81 mlrd AQSH dollaridan oshdi. Bu ko‘rsatgich 2024 yilga nisbatan 13 928,4 mln AQSH dollariga yoki 20,7 foizga ko‘p.

O‘zbekiston tashqi savdosi: 2025 yilda mamlakat kimlar bilan oldi-berdi qildi?

2025 yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd AQSH dollariga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 13,9 mlrd dollarga yoki 20,7 foizga oshdi. Savdo faolligining o‘sishi iqtisodiyotda ishlab chiqarish, logistika va tashqi bozorlar bilan aloqalarning kengayishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Hisobot davrida tashqi savdo balansi 13,5 mlrd dollar miqdorida manfiy saldo bilan yakunlandi.

1

Eksport va import nisbati

Yil davomida eksport hajmi 33,8 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga o‘sdi. Import esa 47,4 mlrd dollarga yetib, 18,5 foizlik o‘sish qayd etildi. Import hajmining yuqoriligi asosan investitsiyaviy tovarlar va texnologik uskunalar olib kirilishi bilan izohlanadi.

Asosiy savdo hamkorlari

O‘zbekiston 2025 yilda jahonning 210 ta davlati bilan savdo munosabatlarini amalga oshirdi. Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush Xitoyga to‘g‘ri kelib, 21,2 foizni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (16,0 foiz), Qozog‘iston (6,1 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Koreya Respublikasi (2,1 foiz) qayd etildi.

2

Eksport tarkibi va asosiy tovar guruhlari

2025 yilda O‘zbekiston eksporti tarkibida tovarlar ulushi 71,1 foizni tashkil etdi. Eksport qilingan mahsulotlar orasida sanoat tovarlari 11,8 foiz bilan yetakchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ulushi 8,7 foizni, kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 6,3 foizni, har xil tayyor mahsulotlar esa 5,0 foizni tashkil qildi.

3

Eksport geografiyasi va asosiy hamkorlar

2025 yil yanvar–dekabr oylarida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkor davlatlar qatorida Rossiya (12,8 foiz), Xitoy (7,3 foiz), Qozog‘iston (4,6 foiz), Afg‘oniston (4,5 foiz), Turkiya (3,4 foiz) va Fransiya (2,6 foiz) qayd etildi. Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi, BAA, Tojikiston va Pokiston ham muhim eksport bozorlari hisoblandi. Ushbu davlatlar hissasiga umumiy eksportning 40 foizdan ortiq qismi to‘g‘ri keldi.

4

Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti

Hisobot davrida meva va sabzavot mahsulotlari eksporti sezilarli o‘sishni namoyon qildi. 2025 yilda 2,16 mln tonna meva va sabzavot eksport qilindi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,2 foizga yoki 126,6 ming tonnaga ko‘pdir. Qiymat ifodasida ushbu mahsulotlar eksporti 2,12 mlrd AQSH dollariga yetdi va 36,9 foizlik o‘sish qayd etildi. Natijada meva-sabzavot mahsulotlarining jami eksportdagi ulushi 6,3 foizni tashkil qildi.

5

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti

2025 yil yakunida to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 2,63 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lib, umumiy eksportning 7,8 foizini tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 8,2 foizga kamaydi. Eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari tarkibida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari 54,3 foiz, ip-kalava esa 27,0 foiz ulush bilan asosiy o‘rinni egalladi.

6

Xizmatlar eksportida o‘sish

2025 yil yanvar–dekabr oylarida xizmatlar eksporti hajmi 9,76 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, jami eksportning 28,9 foiziga teng bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 28,9 foizga o‘sdi. Xizmatlar eksporti tarkibida safarlar 50,0 foiz, transport xizmatlari 33,0 foiz, telekommunikatsiya, komputer va axborot xizmatlari 9,4 foiz ulush bilan yetakchi yo‘nalishlar bo‘lib qoldi.

7

Import hajmi va tarkibi

2025 yil yanvar–dekabr oylari yakuniga ko‘ra import hajmi 47,4 mlrd AQSH dollariga yetdi va 2024 yilga nisbatan 18,5 foizga o‘sdi. Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelib, ular umumiy importning 33,8 foizini tashkil etdi. Shuningdek, sanoat tovarlari (15,3 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (11,8 foiz) importda salmoqli o‘rin egalladi.

8

Tovar va xizmatlar importi dinamikasi

Tovarlar importi dinamikasiga ko‘ra, 2025 yilda import qilingan tovarlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 6,8 mlrd AQSH dollariga oshdi va 42,1 mlrd dollarga yetdi. Bu holat iqtisodiyotda investitsiyaviy faollik saqlanayotgani, sanoat va infratuzilma sohalarida talab yuqoriligini ko‘rsatadi. Xizmatlar importi hajmi esa 5,27 mlrd dollar bo‘lib, jami importning 11,1 foizini tashkil etdi.

10

Import geografiyasi va asosiy hamkorlar

2025 yilda O‘zbekiston 180 dan ortiq davlatdan tovar va xizmatlar import qildi. Asosiy hamkor davlatlar qatorida Xitoy (31,2 foiz), Rossiya (18,3 foiz), Qozog‘iston (7,2 foiz), Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya va Hindiston qayd etildi. Ushbu davlatlar hissasiga jami importning 60 foizdan ortiq qismi to‘g‘ri keldi, xizmatlar importida esa safarlar va transport xizmatlari ustun bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid