add

O‘zbekiston tashqi savdosi 9 oyda 23 foizga oshdi

22.10.2025 | 12:002952

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 59,8 milliard dollarga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 22,9 foiz ko‘pdir.

O‘zbekiston tashqi savdosi 9 oyda 23 foizga oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 59,8 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 11,1 milliard dollarga yoki 22,9 foizga ko‘pdir.

Shu davrda eksport hajmi 26,68 milliard dollarni tashkil etdi va 33,3 foizga o‘sdi. Import esa 33,11 milliard dollarga yetib, 15,6 foizga oshdi. Natijada tashqi savdo saldosi 6,43 milliard dollar manfiy bo‘ldi.

O‘zbekiston hozirda 206 davlat bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Savdo hajmi bo‘yicha yetakchi hamkorlar — Xitoy (19,1 foiz), Rossiya (15,7 foiz), Qozog‘iston (5,8 foiz), Turkiya (3,6 foiz) va Koreya Respublikasi (2,2 foiz) hisoblanadi.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 74,7 foizni tashkil etgan. Shulardan sanoat mahsulotlari 10,7 foiz, oziq-ovqat va tirik hayvonlar 7,7 foiz, kimyoviy mahsulotlar 5,7 foiz, turli tayyor mahsulotlar 4,7 foizni tashkil etdi.

Yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistondan 1,6 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi, bu o‘tgan yilga nisbatan 7,5 foiz ko‘pdir. Uning qiymati 1,45 milliard dollar bo‘lib, umumiy eksportning 5,5 foizini tashkil etdi.

Tekstil mahsulotlari eksporti esa 1,85 milliard dollarni tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 16,6 foizga kam. Shu bilan birga, xizmatlar eksporti 6,76 milliard dollarga yetdi va 31,6 foizga o‘sdi. Uning yarmidan ko‘prog‘ini turizm (52,9 foiz) va transport xizmatlari (31,7 foiz) tashkil etdi.

Import tarkibida mashinalar va transport uskunalari 33,9 foiz, sanoat mahsulotlari 15,9 foiz, kimyoviy mahsulotlar 12,3 foizni tashkil qildi. Import xizmatlari hajmi 3,65 milliard dollar bo‘lib, 34,9 foizga oshgan. Asosiy import yo‘nalishlari — Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Koreya, Germaniya va Hindiston.

Avvalroq O‘zbekistondagi xorijiy kompaniyalarning katta qismi xitoyliklar tomonidan ochilganligi haqida xabar bergan edik. Ma’lumot uchun, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni qariyb ikki baravarga ko‘paydi — joriy yil 1oktyabr holatiga ko‘ra, ularning umumiy soni 17 mingdan oshdi.

Mavzuga oid