
O‘zbekiston urbanizatsiya darajasi bo‘yicha Qozog‘istonga yetib oldi — BMT
BMT hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda shahar aholisi ulushi jadal oshib, mamlakat 2050 yilga borib Markaziy Osiyoda urbanizatsiya bo‘yicha yetakchiga aylanishi mumkin.

BMTning 2025 yil yakuniy ko‘rsatkichlariga asoslangan navbatdagi hisobotiga ko‘ra, jahonda shaharlashuv jarayonlari tezlashib bormoqda. Markaziy Osiyoda esa O‘zbekiston urbanizatsiya darajasi bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqib, Qozog‘istonga deyarli yetib oldi. Shu bilan birga, uzoq muddatli prognozlar mamlakatda demografik manzara keskin o‘zgarishini ko‘rsatmoqda.
Global tendensiya: qishloq aholisi ulushi pasaymoqda
So‘nggi 75 yil ichida jahon aholisining yashash tarzi tubdan o‘zgardi. XX asr o‘rtalarida dunyo aholisining atigi 20 foizi yirik shaharlarda yashagan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 44,8 foizga yetdi. BMT prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib sayyora aholisining 48,3 foizi megapolislarda istiqomat qiladi.
Shu bilan birga, kichik va o‘rta shaharlarda yashovchilar ulushi 35,6 foizga tushgan. Qishloq aholisi esa jahon aholisining beshdan bir qismidan ham kamini — 19,6 foizni tashkil etmoqda. 2050 yilga borib ushbu ko‘rsatkich yana qisqarib, 17,1 foizga tushishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyoda urbanizatsiya darajasi
2025 yil holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda yirik shaharlar aholisi ulushi 41,1 foizni, kichik va o‘rta shaharlarda yashovchilar esa 41,6 foizni tashkil qilmoqda. Mintaqada qishloq aholisining o‘rtacha ulushi 17,3 foiz atrofida.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston urbanizatsiya darajasi bo‘yicha hozircha ikkinchi o‘rinda. Aholining 43,8 foizi yirik shaharlarda, yana 43,4 foizi kichik va o‘rta shaharlarda yashaydi. E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda qishloq aholisi ulushi eng kam bo‘lgan davlat hisoblanadi — jami aholining atigi 12,8 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi.
Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda qishloq aholisi ulushi 22,4 foizni, Qirg‘izistonda esa 23,1 foizni tashkil etadi. Ayni paytda Qozog‘iston urbanizatsiya darajasi eng yuqori davlat bo‘lib qolmoqda: aholining 45,3 foizi yirik shaharlarda yashaydi.
2050 yil prognozlari: O‘zbekiston yetakchiga aylanishi mumkin
BMT tahlilchilariga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekiston yirik shaharlarda yashovchi aholi ulushi bo‘yicha 54,6 foiz ko‘rsatkich bilan Qozog‘istonni (51 foiz) ortda qoldiradi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda qishloq aholisi ulushi keskin kamayib, bor-yo‘g‘i 8,7 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Aksincha, Qozog‘istonda qishloq aholisi ulushi 18,7 foizga yetib, u hatto Qirg‘izistondan ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa Qozog‘istonni mintaqadagi eng «qishloqlashgan» davlatga aylantirishi mumkin.
Jahon mintaqalari kesimida urbanizatsiya
2025 yilda eng yuqori urbanizatsiya darajasi Janubiy Amerikada qayd etildi — 54 foiz. Keyingi o‘rinlarda Osiyo (46,1 foiz), Afrika (41,1 foiz), Yevropa (40,4 foiz), Okeaniya va Avstraliya (38,2 foiz) hamda Shimoliy Amerika (36,8 foiz) joylashgan.
Qiziq jihati, qishloq aholisining eng kichik ulushi aynan Osiyo qit’asida kuzatilgan — 15,4 foiz. Eng yuqori ko‘rsatkich esa Okeaniya va Avstraliyada bo‘lib, 29,2 foizni tashkil etgan.





