
O‘zbekiston va 148 davlat BMTda G‘azoda otashkesimni talab qildi
13.06.2025 | 15:0012842
2025 yil 13 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi sektor G‘azoda darhol, shartsiz va doimiy otashkesim joriy etilishini talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni 149 davlat qo‘llab-quvvatladi, 12 ta davlat qarshi chiqdi, 19 ta mamlakat betaraf qoldi. O‘zbekiston ham rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlaganlar qatorida bo‘ldi.

Qarshi chiqqanlar orasida AQSH, Isroil, Vengriya, Argentina va Paragvay kabi davlatlar bor. Betaraf qolganlar qatorida Gurjiston, Hindiston, Rumыniya va Ekvador qayd etildi.
Rezolyutsiya 20 dan ortiq davlat tomonidan taklif etilgan bo‘lib, u urushda ochlikdan qurol sifatida foydalanishni keskin qoralaydi, gumanitar yordam yetkazishdagi cheklovlarni bekor qilishni talab qiladi va tinch aholini xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq himoya qilish zarurligini ta’kidlaydi.
Hujjatda shuningdek, HAMAS va boshqa guruhlar tomonidan ushlab turilgan barcha garovdagilarni ozod etish talab qilingan.
Bu ovoz berish AQSH tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashida shunga o‘xshash tashabbusni rad etganidan bir necha kun o‘tib amalga oshdi. Shu bois, Bosh Assambleyadagi qaror xalqaro hamjamiyatning G‘azodagi tinchlikka bo‘lgan talabi sifatida baholanmoqda.





