add

O‘zbekiston va «Amazon Kuiper» sun’iy yo‘ldosh internetini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi

10.10.2025 | 17:1031033

Raqamli texnologiyalar vazirligi va «Amazon Kuiper» o‘rtasida mamlakatda yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh internetini joriy etishga qaratilgan hamkorlik boshlandi.

O‘zbekiston va «Amazon Kuiper» sun’iy yo‘ldosh internetini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va AQSHning «Amazon Kuiper Commercial Services LLC» kompaniyasi o‘rtasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda kengpolosli internet xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Vazir Sherzod Shermatov «Amazon Kuiper» vakillari bilan uchrashuv chog‘ida raqamli aloqa tizimlarini zamonaviy talablarga moslashtirish, sun’iy yo‘ldosh orqali internet xizmatlarini rivojlantirish va telekommunikatsiya infratuzilmasini yangilash masalalarini muhokama qildi. Imzolangan hujjat — o‘zaro anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding) — «Project Kuiper» sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi internet xizmatini taqdim etishni ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, mamlakatda telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, raqamli tenglikni ta’minlash va cho‘l hamda tog‘li hududlarda ham internet qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan. «Amazon Kuiper» — «Amazon» korporatsiyasining global sun’iy yo‘ldosh internet loyihasi bo‘lib, uning asosiy maqsadi yer orbitasiga yaqin (LEO) sun’iy yo‘ldoshlar orqali dunyo bo‘ylab yuqori tezlikdagi internet xizmatini taqdim etishdir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu hamkorlik O‘zbekistonda internet sifatini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va mintaqaviy aloqa salohiyatini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar

Mavzuga oid