
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida Texnologiya va sanoat sherikligi dasturi imzolandi
24.09.2025 | 15:2046183
Dastur muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, aviatsiya, biotexnologiyalar kabi boshqa ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar keyingi yillarda savdo, investitsiya va ta’lim sohalarida katta yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar. Xususan, Koreya kompaniyalarining O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 8 mlrd dollardan oshgani qayd etildi. Shuningdek, mamlakatimizda Koreyaning to‘rtta yetakchi oliy ta’lim muassasasi filiallari va bir qator professional ta’lim markazlari muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Suhbatda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali sheriklikka ham alohida e’tibor qaratildi. Ularning umumiy loyihalar portfeli 3,5 mlrd dollarga yetgani ma’lum qilindi.
Prezidentlar xomashyo resurslarini qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, aviatsiya va biotexnologiyalar kabi ustuvor yo‘nalishlarda uzoq muddatli Texnologiya va sanoat sherikligi dasturini tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Shu ma’noda, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» hamkorlik formati doirasidagi mintaqaviy munosabatlar haqida ham fikr almashildi. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Koreya Prezidenti Li Chje Myonni O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi.





