
O‘zbekiston va Ozarboyjon mudofaa vazirlari Samarqandda uchrashishdi
Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida harbiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tayyorgarlik va tajriba almashuvini kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

20-oktabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov va Ozarboyjon mudofaa vaziri general-polkovnik Zakir Gasanov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida tomonlar harbiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish va uni yangi amaliy yo‘nalishlarda rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda har ikki davlat mudofaa idoralari qo‘shma tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, harbiy xizmatchilar o‘rtasida tajriba va amaliy bilim almashishni yo‘lga qo‘yish, hamda harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishib oldilar. Shuningdek, xalqaro terrorizm va mintaqaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashishda o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Muzokaralar tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qildi. Har ikki vazir ikki davlat armiyalari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish irodasini bildirdi.
21 oktyabr kuni Zakir Gasanov Markaziy Osiyo davlatlari mudofaa vazirlari bilan birgalikda Samarqand viloyatidagi “Kattaqo‘rg‘on” harbiy poligonida o‘tkaziladigan “Birlik – 2025” mintaqaviy harbiy mashg‘ulotlarini kuzatishi rejalashtirilgan. Bu mashg‘ulotlarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarboyjon va Qirg‘iziston bo‘linmalari ishtirok etadi.





