add

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tovar ayirboshlash 2 mlrd dollarga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyev Islomobodda Shahboz Sharif bilan Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tovar ayirboshlash 2 mlrd dollarga yetkaziladi

Bugun, 5-fevral kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada muzokara hamda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi.

Davlat rahbari uchrashuv avvalida Bosh vazirni yaqinlashib kelayotgan muqaddas Ramazon oyi va Pokiston kuni bayrami bilan tabrikladi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqot mustahkamlanib, parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar jadal rivojlanmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi salkam 500 million dollarga yetdi. O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paydi. Banklararo korrespondentlik munosabatlari mustahkamlanmoqda.

To‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tomonlar ushbu tashrif arafasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar va Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining natijalarini olqishladi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston sanoat mahsulotlarining ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining birinchi yig‘ilishini yaqin kunlarda Toshkentda o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Amaldagi Imtiyozli savdo bitimi doirasidagi mahsulotlar turini, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalari ro‘yxatini yanada kengaytirish hamda O‘zbekistonning Lahor va Karachidagi savdo uylaridan faol foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, geologiya, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalarda qariyb 3,5 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirildi.

«Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» transport yo‘lagi

Transport va logistika aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va «Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Ikki mamlakat hududlarining o‘zaro aloqalari iqtisodiy hamkorlik rivojining asosiy drayverlaridan biri sifatida belgilandi. O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etishga kelishilib, uning birinchi uchrashuvini shu yil Xorazm viloyatida o‘tkazish taklifi bildirildi.

Ziyorat turizmi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari alohida muhokama qilindi. Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida joriy yilda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Boburiylar merosini targ‘ib qilish uchun Lahorda qo‘shma madaniyat markazini tashkil etishni taklif qildi.

Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qat’iy intilish bildirildi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev Shahboz Sharifni javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Teglar

Mavzuga oid