
O‘zbekiston va Qozog‘iston AES maydonlarining seysmik xavfsizligini muhokama qildi
19.08.2025 | 12:3023263
O‘zbekiston va Qozog‘iston atom elektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilayotgan maydonlarning seysmik xavfsizligini o‘rganish masalasini muhokama qildi.

18 avgust kuni «O‘zatom» agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Jomart Aliyev boshchiligida o‘tgan uchrashuvda atom energetikasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, ilmiy muassasalar va muhandislik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tomonlar seysmik barqarorlik, xavfsizlik va ekologiya masalalariga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston delegatsiyasi yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi, Qozog‘iston esa ularni ijobiy baholadi.
Shuningdek, radiatsiyaviy holat va ekologik vaziyatni monitoring qilishning qo‘shma tizimini shakllantirish, ma’lumotlar almashinuvi hamda avariya holatlariga tezkor javob mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat mutaxassislar tayyorlashda tajriba almashish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va yangi texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishdi.
Uchrashuvda Axmedxadjayev Qozog‘istonning AES qurilishida ilk muhandislik ishlariga kirishganini mamnuniyat bilan qayd etar ekan, ikki davlatda atom energetikasi taraqqiyotida o‘xshash jarayonlar kechayotganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston birinchi AESni Olmaota viloyatida qurish bo‘yicha «Rosatom» bilan kelishuvga erishgan. O‘zbekiston esa 2018 yilda Rossiya bilan AES qurish haqidagi hukumatlararo bitimni imzolagan bo‘lib, 2026 yilga qadar kichik AES qurilishini boshlash rejalashtirilgan. Shuningdek, iyun oyida «O‘zatom» va «Rosatom» katta quvvatli AES qurish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi.





