
O‘zbekiston va «Tolibon» Afg‘onistonda gaz qazish loyihasini boshladi
15.09.2025 | 22:308945
«Tuti-maydon» gaz konlari taxminan 7000 km kvadrat maydonni egallaydi. Gaz zaxiralari 3 trln metr kubga baholanmoqda.

«Tolibon» hukumati va O‘zbekiston Afg‘onistonning shimoliy Jauzjon viloyatida joylashgan «Tuti-maydan» gaz konida geologik o‘rganish va qazib chiqarish ishlarini boshladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, marosimda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev hamda «Tolibon» hukumatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar ishtirok etgan.
«Tolibon» rasmiylariga ko‘ra, ushbu loyiha Afg‘onistonning import qilinadigan energiyaga bo‘lgan qaramligini kamaytirishga xizmat qiladi.
Amu.tv xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Eriellcom kompaniyasi 2024 yil oktyabrida imzolangan shartnoma asosida dastlabki yiliyoq 100 million dollar sarmoya kiritadi. Dastur 10 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi ikki yildayoq gazdan 100 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarilishi belgilangan.
«Tuti-maydan» gaz konlari taxminan 7000 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Gaz zaxiralari 3 trln kub metrga baholanmoqda.
Fergana agentligi va Khaama News nashrining yozishicha, O‘zbekiston tomoni konni o‘rganish va qazib chiqarish bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritgan. Ayrim manbalar kelishuv qiymati o‘n yil davomida taxminan 1 milliard dollarga yetishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Tantanali ochilish marosimida «Tolibon» rahbariyatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar ushbu loyiha ish o‘rinlari yaratishi, mamlakat ichki gaz talabini qondirishi, import qaramligini kamaytirishi va kelajakda eksport imkoniyatlarini yaratishini ta’kidladi. U buni Afg‘onistonning xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar uchun xavfsiz va ochiq ekanligining isboti sifatida baholagan.
«Ushbu loyiha mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi», - degan Barodar o‘z idorasi tarqatgan bayonotda. U shuningdek, sarmoyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar va kafolatlar taqdim etilishini qo‘shimcha qilgan.
«Tolibon» loyihani qaysi kompaniya amalga oshirayotgani, sarmoya miqdori va ishlab chiqarish muddatlari haqida ma’lumot bermagan.
2021 yilda hokimiyatni qo‘lga olgan «Tolibon» sanksiyalar va xalqaro yordamning to‘xtatilishi oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozga qarshi kurashish maqsadida yirik loyihalarni qayta jonlantirishga urinmoqda. Ular Xitoy, Eron va qo‘shni davlatlar bilan neft, gaz va konchilik bo‘yicha bir qator shartnomalar imzolagan, ammo ko‘pgina loyihalar hali dastlabki bosqichdan chiqmagan.





