
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining iqtisodiy sherikchiligi yangi bosqichga chiqdi
Ertaga imzolanadigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim Yevropa bozorlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘ladi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim nafaqat iqtisodiy munosabatlarni yangiladi, balki O‘zbekistonning «yashil iqtisodiyot», raqamli transformatsiya va inson kapitali sohalaridagi rivojlanishini Yevropa bilan chambarchas bog‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hujjat Parij bitimi doirasidagi majburiyatlarni amalga oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va Orolbo‘yi ekotizimini tiklash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni nazarda tutadi. Yevropa Ittifoqi fondlari orqali moliyalashtirish imkoniyatlari kengayishi mamlakatning ekologik barqarorligi va energetik xavfsizligini ta’minlaydi.
Raqamli yo‘nalishda Bitim innovatsion iqtisodiyot, sun’iy intellekt va startap ekotizimlarini rivojlantirishni qamrab oladi. O‘zbekiston «Horizon Europe» va «Erasmus+» dasturlariga to‘liq qo‘shilish orqali ta’lim, ilm-fan va texnologiya sohalarida Yevropa tajribasini integratsiya qilmoqda.
Mehnat mobilligi va viza talablarini yengillashtirish masalalari inson kapitali rivojiga xizmat qiladi. Talabalar, tadbirkorlar va mutaxassislar uchun Yevropa bilan erkin aloqa imkoniyatlari bilimlar oqimini faollashtiradi.
Bitim — bu nafaqat savdo yoki siyosiy hujjat, balki O‘zbekistonning kelajak iqtisodiyoti uchun «yashil», raqamli va innovatsion yo‘nalishdagi strategik yo‘l xaritasidir. U mamlakatning xalqaro maydondagi rolini kuchaytiradi va Yevropa bilan sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadi.





