add

O‘zbekistonda 1 kilo osh pishirish uchun qayerda qancha pul sarflanadi?

01.12.2025 | 18:3813973 daqiqa

Palov — nafaqat milliy taom, balki iqtisodiy ko‘rsatkich sifatida ham qiziqarli tahlil imkonini beruvchi mahsulotlar majmuasi. Bu xuddi McDonald’s indeksiga o‘xshaydi. Xo‘sh, O‘zbekistonda eng arzon osh qayerda pishadi?

O‘zbekistonda 1 kilo osh pishirish uchun qayerda qancha pul sarflanadi?

Milliy statistika qo‘mitasining 2025 yil noyabr oyida o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, palov tayyorlash uchun zarur bo‘lgan 8 turdagi mahsulot narxlari respublika bo‘ylab keskin farqlanadi. Narxlar asosida tuzilgan «1 kg palovning tannarxi» esa hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni aniq ko‘rsatadi.

 

«Palov indeksi» qanday hisoblangan?

1 kg palovning narxi quyidagi standart o‘lchovlarga asoslangan:

  • 0,3 l — kungaboqar yog‘i;

  • 0,3 kg — piyoz;

  • 0,7 kg — mol go‘shti;

  • 1 kg — sabzi;

  • 1 kg — «Lazer» navli guruch;

  • 100 g — no‘xat;

  • 10 g — zira

  • 20 g — osh tuzi

Mana shu miqdorlar hududlar bo‘yicha o‘rtacha narxlarga ko‘paytirilgan holda 1 kg palovning umumiy qiymati aniqlangan.

palov index 02

 

Eng arzon palov: Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 98 104 so‘m

Palov tayyorlash uchun mahsulotlar majmuasi bo‘yicha eng qulay hudud — Qoraqalpog‘iston Respublikasi.

Nega arzon?

Mol go‘shti: 94 249 so‘m/kg — respublika bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlardan biri. Piyoz va sabzi narxlari ham o‘rtacha darajada. No‘xat va guruch ham boshqa hududlardan ko‘ra arzonroq. Natijada 1 kg palov 98 ming so‘mdan biroz oshadi.

 

Andijon — 105 780 so‘m: arzonroq segmentdagi ikkinchi hudud

Andijonda narx biroz yuqoriroq bo‘lsa-da, hali ham respublika bo‘yicha eng arzon variantlardan biridir.

Go‘sht narxi past emas (101 461 so‘m), lekin guruch, yog‘ va sabzi nisbatan arzon. Shu sababli 1 kg palov qiymati eng sharqiy viloyatda 105 780 so‘m bo‘ladi.

 

Buxoro, Jizzax, Namangan: 107–109 ming so‘mlik segment

Bu viloyatlar umumiy narxlarda o‘rtacha segmentga kiradi:

  • Buxoro — 107 471 so‘m

  • Jizzax — 109 287 so‘m

  • Namangan — 108 609 so‘m

Guruch va yog‘ narxlaridagi o‘rtacha daraja palovning umumiy qiymatini saqlab turadi.

 

Eng qimmat palov: Toshkent shahri — 116 126 so‘m

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, eng qimmat 1 kg palov aynan Toshkent shahrida.

Nima sababdan qimmat? Chunki masalliqlar qimmat.

  • Mol go‘shti — 110 536 so‘m/kg;

  • Sabzi — 5 959 so‘m/kg (eng yuqori ko‘rsatkich!)

  • Guruch — 20 711 so‘m/kg

  • Zira — 1 123 so‘m (0.01 kg uchun juda yuqori narx)

Shu omillar umumiy qiymatni 116 126 so‘mga yetkazgan — bu respublikadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

 

palov index 03

Narxlar hududlar kesimida nega bu qadar farq qiladi?

1. Go‘sht narxi — palov narxining «dvigateli»

Palov tannarxining 60–70 foizini aynan mol go‘shti tashkil qiladi. Go‘sht qimmat bo‘lgan hududlarda palov ham avtomatik ravishda qimmatlashadi.

Masalan, Toshkent shahrida go‘sht: 110 536 so‘m/kg bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda: 94 249 so‘m/kg. Farq — 16 ming so‘m.

 

2. Guruch narxi hududdan hududga keskin farqlanadi

«Lazer» navli guruchning eng arzon narxi — Xorazm (16 739), eng qimmati — Namangan va Toshkent sh. (20 651–20 711).

 

3. Transport xarajatlari

Import qilinadigan yoki uzoqdan keltiriladigan guruch va yog‘ narxi transport xarajatlari bilan oshadi.

 

4. Talab ko‘pligi narxni oshiradi

Toshkent shahrida talab yuqori — narx yuqori. Viloyatlarda talab kamroq — narx past.

Bu ko‘rsatkichlar hududlardagi yashash narxi, oziq-ovqat ta’minoti, logistika xarajatlari va mahalliy bozor sharoitini aks ettiradi. Shuningdek, palov indeksi oddiy iqtisodiy ko‘rsatkich emas: u hududdagi aholining kunlik xarajatlari va daromadlarining real holatini ko‘rsatadi.

Teglar

Ahmad Muhammadov

Ahmad MuhammadovMaqolalar soni: 5

Barchasi

Mavzuga oid