
O‘zbekistonda 10 oyda 974,7 ming tonna benzin ishlab chiqarildi
2024 yilning mos davrida benzin ishlab chiqarish hajmi 1 mln tonnadan oshgan edi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda korxonalar tomonidan 865,8 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 6,7 foizga oshdi.
Qayd etilishicha, yanvar–oktabr oylarida 35,5 mlrd metr kub tabiiy gaz, 547,3 ming tonna neft, 6,5 mln tonna ko‘mir, 974,7 ming tonna avtomobil benzini, 978,1 ming tonna dizel, 17,3 mln tonna portlandsement ishlab chiqarildi.
Sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush quyidagilarga to‘g‘ri keldi:
tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlashda – 63,3 trln so‘m;
elektr gaz bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalashda – 56,1trln so‘m;
suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilishda – 4,9 trln so‘m.
Shuningdek, aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Navoiy viloyatida (140,8 mln so‘m), Toshkent shahrida (53,4 mln so‘m), Toshkent viloyatida (42,3 mln so‘m), Andijon viloyatida (24 mln so‘m) respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori natijalar qayd etilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 104,7 foizni tashkil etdi.
Avvalroq O‘zbekistonda 10 oyda qariyb 70 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgani haqida xabar qilgandik.





