Logo

O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi bor — Shavkat Mirziyoyev

Kecha 16:552 daqiqa

«Surun-ota» konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoyliklar bilan kelishuvga erishilgan.

O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi bor — Shavkat Mirziyoyev © Фото: Президент матбуот хизмати

Bugungi kunda O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni Bekobod shahrida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishish vaqtida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, «Surun-ota» konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan. Ushbu kondan temir konsentrati 2027-yildan boshlab kombinatga yetkazib berilishi shartligi belgilandi. Bundan tashqari, «Tebinbuloq» konini uch-to‘rt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etilib, tez fursatda shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo olib kelishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Samarqanddagi korxona temir koni berilsa, xomashyo qazib olishga 500 million dollargacha sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan. Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini kengaytirish uchun Forishdagi 32 million tonna temir resursiga ega «Temirkon»ni o‘zlashtirishni so‘ragan. Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari borligi prognoz qilinmoqda. Prezident Mirziyoyev bunday yirik loyihalarda temir sifatini oshirish uchun marganets va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini ta’kidladi.

Respublikada metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari bo‘yicha yig‘ilishdan so‘ng hokimlar metall mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni boshlagani aytildi. Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.

Iqtisodiyot yangi texnologik rivojlanish bosqichiga o‘tayotgani sababli barcha tarmoqlarda yangi turdagi metall mahsulotlariga talab ortib bormoqda. Birgina choksiz quvurga mamlakatda 280 million dollarlik talab bor. Asosiy savdo hamkorlar ham yiliga 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, shundan 170 million dollarlik qismini eksportga yo‘naltirish mumkin. Bugun ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident «O‘zmetkombinat»ning yangi quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirgandi.

Teglar

Mavzuga oid