
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quymasi 8 million so‘mdan tushdi
28 oktyabr kuni oltin quymalari narxi keskin arzonladi — 5 grammli quyma narxi bir kunda 206 ming so‘mga tushib, 7,96 million so‘mni tashkil etdi. Bu so‘nggi uch haftadagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 28 oktyabr kuni mamlakatda oltin quymalari narxi sezilarli darajada pasaydi. Bir gramm oltin narxi 1 593 360 so‘mni tashkil etdi, bu esa bir kun oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 2,5 foizga arzon.
Eng ko‘p sotib olinadigan 5 grammli oltin quymasi narxi bir kunda 206 ming so‘mga pasayib, 7 million 967 ming so‘mni tashkil etdi. Bu narx 9 oktyabrdan buyon ilk marta 8 million so‘mdan pastga tushdi.
Hozirgi paytda oltin quymalarining rasmiy narxi quyidagicha belgilangan:
5 gramm — 7 mln 967 ming so‘m,
10 gramm — 15 mln 934 ming so‘m,
20 gramm — 31 mln 867 ming so‘m,
50 gramm — 79 mln 668 ming so‘m,
100 gramm — 159 mln 336 ming so‘m.
17 oktyabr kuni O‘zbekistonda oltin quymalari narxi 44 marta ketma-ket oshib, tarixiy rekordni yangilagan edi. Ammo 20 oktyabrdan boshlab jahon bozorlaridagi pastlash tendensiyasi ta’sirida mahalliy narx ham pasayishga yuz tutgan.
Xalqaro savdo maydonlarida ham 21 oktyabr savdolarida oltin narxi 6 foizga pasayib, bir troy unsiyasi uchun 4100 dollarni tashkil etdi. Bu 2013 yildan buyon kuzatilgan eng katta bir kunlik pasayish bo‘lgan edi.





