O‘zbekistonda 500 kVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurilmoqda
Fransiya kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha qishloq xo‘jaligi yerlarida energiya olish uchun quyosh foto panellarini o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.
© Energetika vazirligi19-iyun kuni Fransiyaning Voltalia kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan agrovoltaika loyihasi doirasida 500 kVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qurilishga start berish marosimida Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti mas’ullari, shuningdek Voltalia kompaniyasi bosh ijrochi direktori Robert Klyayn ishtirok etdi.
Pilot loyiha doirasida quyosh panellarini o‘rnatish va elektr energiyasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbir davomida loyihaning amalga oshirish bosqichlari, uni respublika hududlarida kengaytirish imkoniyatlari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar qurilish maydonida quyosh panellarini o‘rnatish jarayoniga ramziy start berib, hududda manzarali daraxtlar ekdilar va ekologik tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar.
Ma’lumot uchun: Agrovoltaika — bu bir hududning o‘zida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ham quyosh energiyasi ishlab chiqarishni uyg‘unlashtiruvchi innovatsion yechimdir. Bunday tizim yer maydonlaridan samarali foydalanish, ekinlarni kuchli quyosh nurlaridan himoya qilish va bir vaqtning o‘zida qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-aprel kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Quva tumanida agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo‘jaligi majmuasi bilan tanishgani haqida xabar berilgan edi.





