
O‘zbekistonda abituriyentlar soni so‘nggi 7 yilda eng past darajaga tushdi
2025-2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlandi va bu yil davlat oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni so‘nggi 7 yildagi eng kam ko‘rsatkichni qayd yetdi. Bu ko‘rsatkichning pasayishi oliy ta’limga bo‘lgan munosabat o‘zgarayotganini anglatmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun 732 ming 411 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Bu so‘nggi yetti yillikda kuzatilgan eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
Abituriyentlarning 346 ming 299 nafari erkaklar, 386 ming 112 nafari ayollar ekani qayd etilgan. Ta’lim tili bo‘yicha o‘zbek tilida 644 ming 27 nafar, rus tilida 71 ming 476 nafar, qoraqalpoq tilida 14 ming 959 nafar va boshqa tillarda 1 ming 949 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Oxirgi yillarda abituriyentlar soni bosqichma-bosqich kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Masalan, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 1 mln 66 ming 925 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 1,48 million nafargacha yetib, rekord daraja qayd etilgan. Biroq keyingi yillarda bu raqam tabiiy ravishda tusha boshladi.
2025 yilda abituriyentlar soni 2020 yildagi yuqori nuqtaga nisbatan deyarli ikki barobar kamaygan. Bu pasayishga bir nechta omillar ta’sir qilmoqda. Shuningdek, xususiy universitetlar ulushi oshib, davlat OTMlariga bo‘lgan talabni birmuncha kamaytirdi. Bundan tashqari, professional ta’lim tizimi rivojlanib, kasb-hunar o‘rganishga qiziquvchilar soni ortib bormoqda.
Ayrim mutaxassislar bu holatni aholining oliy ta’limga bo‘lgan munosabati o‘zgarayotgani bilan izohlamoqda. Yoshlar va ota-onalar orasida oliy ma’lumot orqali yuqori darajada hayot qurish mumkinligiga bo‘lgan ishonch so‘nmoqda. Odamlar amaliy ko‘nikma va kasb-hunarning ahamiyatini ko‘proq anglab bormoqda.
Shunisi ham ahamiyatliki, test sinovi uchun belgilangan to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamaydigan abituriyentlar sonini hisobga olganda, umumiy ko‘rsatkich yanada pasayishi mumkin.





