Logo

O‘zbekistonda aviakerosinga talab 27 foizga oshishi kutilmoqda

Bugun 17:021 daqiqa

Jahondagi geosiyosiy vaziyat tufayli Markaziy Osiyoda aviaqatnovlar ortib, aviakerosinga talab keskin o‘smoqda. Ichki bozordagi ehtiyojni to‘liq ta’minlash maqsadida «O‘zbekneftgaz» aviakerosinni muqobil manbalardan import qilishni boshladi.

O‘zbekistonda aviakerosinga talab 27 foizga oshishi kutilmoqda © РИА Новости

Prezident Shavkat Mirziyoyevga «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining 2026 yil birinchi yarmidagi faoliyati hamda yil oxirigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot taqdim etildi.

Hisobotda qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida kompaniya tomonidan 11,5 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilgan. Shuningdek, neft, dizel yonilg‘isi, aviakerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi belgilangan prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lgan.

Yil yakuniga qadar 1 mln 100 ming tonna avtobenzin, 983 ming tonna dizel yonilg‘isi, 310 ming tonna aviakerosin, 606 ming tonna suyultirilgan gaz va qariyb 1 mln 180 ming tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Aviakerosinga talab oshib bormoqda

Hisobotda ta’kidlanishicha, dunyodagi geosiyosiy vaziyat keskinlashishi ortidan Markaziy Osiyo yo‘nalishida aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Xususan, O‘zbekistonga amalga oshirilayotgan reyslar soni ham o‘tgan yilga nisbatan ko‘paygan.

Shu munosabat bilan 2026 yil iyul–dekabr oylarida aviakerosinga bo‘lgan talab 375 ming tonnaga yetishi, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27 foizlik o‘sishni anglatishi bildirildi. Talabning asosiy qismi mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobiga qoplanishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda ayrim hamkor davlatlarda neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy etilgani sababli aviakerosinni muqobil manbalardan import qilish ham boshlangan. Jumladan, Gruziya, Iroq va boshqa davlatlardan yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid