O‘zbekistonda «BYD» ilk bor «KIA»ni ortda qoldirdi

Bugun 16:151 daqiqa

Avtomobil bozoridagi an’anaviy tartib o‘zgarib, «Chevrolet»dan keyingi eng ko‘p avtomobil sotgan brend bo‘ldi.

O‘zbekistonda «BYD» ilk bor «KIA»ni ortda qoldirdi

2026-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida muhim o‘zgarish kuzatildi — «BYD» savdolar hajmi bo‘yicha ilk bor «KIA»ni ortda qoldirdi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar–fevral oylarida mamlakatda jami 57 512 dona avtomobil sotildi.

Sotilgan avtomobillarning asosiy qismi, ya’ni 45 609 donasi «Chevrolet» hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ikkinchi o‘rinni esa 4 621 dona avtomobil sotgan BYD egalladi. «KIA» esa «BYD»dan atigi 10 dona kam avtomobil sotib, uchinchi pog‘onaga tushdi.

Ilgari «KIA» doimiy ravishda «BYD»dan oldinda bo‘lib kelganini hisobga olsak, bu natija muhim burilish sifatida baholanmoqda. O‘tgan yili ham bu ikki brend orasidagi farq katta edi: 2025-yilning yanvar-fevral oylarida «KIA» 3690 dona, «BYD» 2862 dona avtomobil sotgan.

Mutaxassislar fikricha, bu hali yakuniy tendensiya emas. Har ikki brend ham ishlab chiqarish va sotuv hajmini oshirishga harakat qilmoqda, shu bois kelgusida ular o‘rtasidagi o‘rinlar yana bir necha bor almashishi mumkin. Ayni paytda «BYD» bozorning qariyb 8 foizini egallab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «Cobalt» sotuvi to‘rtdan birga qisqarib ketganligi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid