
O‘zbekistonda diplom eksperti: raqamlar, shartnomalar, universitetlar reytingi
Mamlakat oliygohlarida tahsil olayotgan xorijliklar talabalar soni ortmoqda. Qaysi davlat fuqarolari ko‘pligi, OTMlar reytingi, davlatlar orasidagi shartnomalar – Vaqt.uz tahlilida.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston oliy talim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni ortmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, jumladan oxirgi 5 yil ichida mamlakat OTMlarida ta’lim olayotgan xorijliklar soni keskin oshgani ko‘rish mumkin:
2020/2021- o‘quv yili – 4,2 ming nafar;
2021/2022- o‘quv yili – 5,1 ming nafar;
2022/2023- o‘quv yili – 5,0 ming nafar;
2023/2024- o‘quv yili – 10,8 ming nafar;
2024/2025- o‘quv yili – 12,5 ming nafar.
Xorijlik talabalar qaysi davlatlardan?
Shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan boshqa bir ma’lumot ham O‘zbekistonga ta’lim olish maqsadida kelayotgan chet elliklar soni ortayotganini ko‘rsatadi. 2025 yilning 11 oyi mobaynida 37,2 ming nafar xorijlik o‘qish uchun O‘zbekistonga kelgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 54,3 foizga ko‘p bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qish uchun tashrif buyurgan talabalarning asosiy qismi Hindistondan kelgan. Ushbu mamlakatdan 16,3 ming nafar talaba kelgan. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, hindistonlik talabalarning katta qismi tibbiyot yo‘nalishida tahsil olishmoqda. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘qiyotgan ko‘plab hindistonlik va pokistonlik talabalarni ko‘rish mumkin.
Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (8,9 ming nafar) va Tojikiston (2,7 ming nafar) joylashgan bo‘lib, bu qo‘shni davlatlar bilan ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari bilan izohlanadi. Shu bilan birga, Pokiston (1,7 ming) va Xitoy (1,4 ming) kabi mamlakatlaridan ham kelayotgan talabalar soni oshgan. Shu jumladan, Rossiyadan 164 nafar va Filippindan 501 nafar xorijlik talaba O‘zbekistonga o‘qish uchun kelgan.
E’tiborli jihati shundaki, rivojlangan va xalqaro reytinglarda nufuzli o‘rinlarda turuvchi oliygohlari talaygina bo‘lgan mamlakatlardan ham talabalar oqimi mavjud:
Janubiy Koreya — 870 nafar;
AQSH — 464 nafar;
Buyuk Britaniya — 179 nafar;
Italiya — 94 nafar.
Shuningdek, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari hissasi ham ortib bormoqda. Xususan, Misr (737 nafar), Iordaniya (194 nafar), JAR (155 nafar) va Eron (115 nafar)dan kelgan talabalar soni ta’lim eksporti geografiyasi tobora kengayib borayotganini tasdiqlaydi.
Vazirlik munosabati
Vaqt.uz O‘zbekiston oliygohlari va boshqa davlatlar hukumatlari o‘rtasida bu bo‘yicha qanday shartnoma yoki kelishuvlar borligini ochiqlash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova bilan bog‘landi.
Vazirligi matbuot kotibiga ko‘ra, Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan Hindistondan kelayotgan xorijiy talabalar sonining ortib borishi, avvalo, bozor mexanizmlari, ta’lim narxi va sifati o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblik bilan bog‘liqdir. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu talabalarning aksariyati O‘zbekistonni mustaqil tanlov asosida ta’lim olish uchun tanlamoqda. Bu holat, eng avvalo, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining ochiqligi va xalqaro maydonda tobora jozibador bo‘lib borayotgani bilan izohlanadi.
«Ayniqsa, xorijdan kelayotgan talabalar orasida tibbiyot yo‘nalishlariga bo‘lgan qiziqish yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Sababi O‘zbekistonda tibbiyot ta’limi xalqaro tibbiy ta’lim federatsiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, o‘quv jarayonlari xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv dasturlari asosida tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, nisbatan maqbul kontrakt va yashash narxlari xorijiy talabalar uchun muhim iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lib hisoblanadi. Ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonining ingliz tilida olib borilayotgani esa xorijlik talabalar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda», dedi Nazokat Abduqunduzova.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonga kirib kelish tartiblarining soddalashtirilgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro aviareyslarning mavjudligi hamda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va MDH davlatlari bilan akademik hamkorlik, qo‘shma ta’lim dasturlari va talabalar almashinuvi yo‘nalishidagi faol aloqalari xorijiy talabalar oqimining barqaror o‘sishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston oliygohlari xalqaro reytingda
Xorijlik talabalarni O‘zbekiston OTMlarining xalqaro reytinglarda qanday o‘rin egallagani ham qiziqtiradi, albatta. Mamlakatda xalqaro e’tirof etilgan QS Dunyo universitetlari reytingidan joy olgan oliygohlar bor. Jumladan, mazkur reytingda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 469-o‘rinni egallagan. Shuningdek, reytingdan O‘zbekiston milliy universiteti (721-730-o‘rin), Toshkent davlat texnika universiteti (901-950-o‘rin), Samarqand davlat universiteti (1001-1200-o‘rin), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1001-1200-o‘rin), Toshkent davlat transport universiteti (1201-1400-o‘rin) va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (1401-o‘rin) ham joy olgan.
Murodbek Haydarov





