add

O‘zbekistonda eng ko‘p qayd etilgan jinoyat turi ma’lum qilindi

03.09.2025 | 10:002763

Oliy sud joriy yilning birinchi yarmida mamlakatda sudlangan shaxslar tomonidan eng ko‘p sodir etilgan jinoyatlar statistikasini e’lon qildi.

O‘zbekistonda eng ko‘p qayd etilgan jinoyat turi ma’lum qilindi
Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–iyun oylarida eng ko‘p qayd etilgan jinoyat — giyohvandlik bilan bog‘liq holatlar bo‘lib, ularning soni 4 578 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga ko‘pdir. Narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlarning asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, yarim yilda poytaxtda 1 355 ta holat aniqlangan. Ikkinchi o‘rinni o‘g‘rilik egalladi. Yarim yilda 4 322 kishi ushbu jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 4 105 kishini tashkil etgan edi. Shu bilan birga, 2 468 nafar shaxs o‘zlashtirish va rastrata uchun sudlangan. Bundan tashqari: 1540 ta bezorilik; 1404 ta harakat xavfsizligi qoidalarini buzish; 1333 ta qasddan tan jarohati yetkazish holatlari qayd etilgan. Shuningdek, 339 ta talonchilik, 149 ta bosqinchilik, 110 ta nomusga tegish va 177 ta qotillik jinoyatlari qayd etilgan. Joriy yilning birinchi yarmida 11 635 kishi og‘ir, 2 034 kishi esa o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan. Davr mobaynida 9 570 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etilgan. Eng ko‘p qamoqqa olinganlar soni Toshkent shahri (1 982 nafar), Toshkent viloyati (1 244 nafar) va Farg‘ona viloyati (1 044 nafar) hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, Namangan viloyatida bir nafar shaxs umrbod ozodlikdan mahrum etilgani ma’lum qilindi. Avvalroq 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston sudlari tomonidan oqlanganlar soni 2,5 barobarga kamaygani haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid