
O‘zbekistonda har uchta korxonadan biri savdo sohasida faoliyat ko‘rsatmoqda
20.10.2025 | 10:005583
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi faol korxonalarning katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu sohada 149 mingdan ortiq kichik biznes va mikrofirma ish yuritmoqda.

2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab 460,3 mingta korxona va tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 84,8 foizi — ya’ni 390,3 mingtasi kichik korxonalar va mikrofirmalardir.
Tahlillarga ko‘ra, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng katta ulush savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Respublika bo‘yicha 149 470 ta yoki 32,5 foiz korxona aynan savdo yo‘nalishida ish olib bormoqda. Bu har uchta faol sub’ektdan biri aynan ushbu sohada faoliyat yuritayotganini ko‘rsatadi.
Ikkinchi o‘rinda sanoat sohasi joylashgan bo‘lib, unda 57 799 ta korxona (12,6 foiz) faoliyat yuritmoqda. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohasida 33 223 ta (7,2 foiz) korxona bor.
Shuningdek, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida 29 325 ta (6,4 foiz), qurilish sohasida 29 185 ta (6,3 foiz) va tashish hamda saqlash sohasida 16 816 ta (3,6 foiz) korxona ishlab turibdi. Axborot va aloqa yo‘nalishida 11 241 ta (2,4 foiz), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida esa 13 161 ta (2,9 foiz) korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Qolgan 120 mingdan ortiq tashkilot boshqa iqtisodiy yo‘nalishlarda ish olib bormoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, savdo sohasi mamlakatdagi kichik biznesning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.





