
O‘zbekistonda HR sertifikatlashtirish instituti joriy etiladi
12.07.2025 | 14:3040503
O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmati tizimida inson resurslari (HR) sohasi uchun milliy sertifikatlashtirish instituti tashkil etiladi. Bu institut davlat tashkilotlarida ishlovchi kadrlarning malakasini baholash va tan olishga xizmat qiladi.
2025–2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida inson resurslarini boshqarish sohasida ishlovchi kadrlar uchun HR sertifikatlashtirish instituti tashkil etiladi.
Bu yangilik davlat tashkilotlari uchun kadrlarni kasbiy bilim va ko‘nikmalarini baholash, shuningdek, ularni tan olishda yagona milliy standart yaratishni ko‘zda tutadi. Mazkur tizim HR sohasi uchun milliy malaka standartlari va talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar orqali yo‘lga qo‘yiladi.
HR sohasiga oid xalqaro sertifikatlar — HR Professional Certification, B-HRD certification, HRCI, PHR va boshqalar — tan olinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, HR sertifikatiga ega xodimlar uchun alohida attestatsiya talab etilmasligi belgilanmoqda.
HR sertifikatlashtirishni amalga oshirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi Rahbar kadrlarni baholash markaziga yuklatiladi. Loyihaga Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, mahalliy hokimliklar va boshqa idoralar ham jalb etiladi.
Mazkur institut inson resurslarini samarali boshqarish, davlat xizmatining institutsional salohiyatini oshirish va xalqaro mezonlarga moslashishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.





