
O‘zbekistonda ish tashlash huquqi qonun bilan kafolatlanadi
10.09.2025 | 19:4039702
O‘zbekistonda ilk marta ish tashlash huquqi qonun darajasida belgilanmoqda, bu o‘zgarish xalqaro standartlarga muvofiq qabul qilindi.

9 sentyabrda Qonunchilik palatasi deputatlari Senat tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qulladi.
Hujjatning asosiy maqsadi milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining 87 va 98-sonli konvensiyalari talablariga muvofiqlashtirishdan iborat. Shu orqali fuqarolarning mehnat huquqlari to‘liq xalqaro standartlar asosida ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasi 9 ta moddadan iborat bo‘lib, u orqali 2 ta qonun va 4 ta kodeksga o‘zgarish kiritilmoqda. Xususan, Mehnat kodeksida ish tashlash tushunchasi va uni o‘tkazish tartib-taomillari, xodimlarga berilgan kafolatlar huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
Shu bilan birga, ish tashlashning boshlanishi, kechiktirilishi, vaqtincha to‘xtatilishi va yakunlanishi tartiblari hamda unga oid cheklovlar aniq belgilab qo‘yildi. Mutaxassislar bu o‘zgarishlarni ijtimoiy adolat, tenglik va demokratik boshqaruv prinsiplarini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb baholamoqda.





