add

O‘zbekistonda «ishonchsiz» banklar ro‘yxati e’lon qilib boriladi

IIV Kiberxavfsizlik markazi endi har yil yakunida kiberjinoyatlar eng ko‘p sodir etilayogan banklar va to‘lov tashkilotlari haqida ochiq statistika e’lon qilinishiini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda «ishonchsiz» banklar ro‘yxati e’lon qilib boriladi

3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi, kapitan Maqsudjon Mirabdullayev O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda yangi ochiqlik va javobgarlik tizimi yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, endi har yil yakunida mamlakatda eng ko‘p kiberjinoyat sodir etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati ommaga taqdim etiladi. Bu amaliyot orqali fuqarolar mablag‘larining xavfsizligi, axborot tizimlarining ishonchliligi va banklarning kiberxavfsizlik siyosati bo‘yicha shaffof ma’lumotlar jamoatchilikka yetkaziladi.

Prezidentning 2025 yil 30 apreldagi 153-sonli qaroriga asosan, Ichki ishlar vazirligi kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan. Qarorga muvofiq, banklar va to‘lov tashkilotlariga axborot xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish hamda hujumlarning oldini olish uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilgan.

IIV vakili ta’kidlashicha, avvallari bank yoki to‘lov tashkilotlaridagi katta miqdordagi pul o‘g‘irliklari haqidagi ma’lumotlar ommaga e’lon qilinmas edi. Endi esa eng ko‘p kiberjinoyat kuzatilgan banklar ochiq ma’lum qilinadi, yil yakunida esa qaysi bank kiberxavfsizlikni muvaffaqiyatli ta’minlagani yoki zaiflikka yo‘l qo‘ygani haqida baholash o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, agar kiberjinoyat bank yoki to‘lov tashkilotining aybi bilan sodir etilgan bo‘lsa, hodisa tafsilotlari, o‘g‘irlangan mablag‘ miqdori va hujum usullari ham ommaviy tarzda e’lon qilinadi.

Mirabdullayevga ko‘ra, bu tizim banklar va to‘lov tashkilotlarini axborot xavfsizligi siyosatini kuchaytirish, zaifliklarni bartaraf etish va fuqarolar mablag‘larini himoya qilishda faolroq bo‘lishga undaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank kredit tashkilotlariga mijozlar haqidagi ma’lumotni kredit byurolariga real vaqtda taqdim etishni majburiy qilishni taklif qilayotganligi haqida xabar bergan edik. Bu fuqarolar nomidan ruxsatsiz mikrokreditlar rasmiylashtirilishining oldini olishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid