add

O‘zbekistonda iyun oyida avtomobil importi keskin kamaydi

25.07.2025 | 08:2016134

2025 yilning iyun oyida O‘zbekistonda 96,8 mln dollarlik 5968 ta avtomobil import qilingan — bu may oyiga nisbatan 13 foizga kam. Umumiy importining yarmidan ko‘pi elektromobillar, asosiy yetkazib beruvchi esa Xitoy.

O‘zbekistonda iyun oyida avtomobil importi keskin kamaydi
O‘zbekistonda 2025 yilning iyun oyida yengil avtomobillar importi sezilarli darajada kamaydi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oy davomida mamlakatga 5968 ta avto keltirildi. Bu esa dona hisobiga may oyiga nisbatan 5,3 foizga kamayishni anglatadi. Import summasi esa 96,8 mln dollarni tashkil etdi — 13,2 foiz pasayish. Umuman, joriy yilning I yarmida O‘zbekiston 24 ming 355 ta yengil avtomashina import qilgan bo‘lib, umumiy qiymati 422,1 mln dollarga yetdi. Ular orasida elektromobillar katta ulushga ega: 6 oyda 14 ming 356 ta elektr motorli avto olib kirildi, faqat iyun oyining o‘zida ular soni 4567 tani tashkil etdi — bu oylik importning 76 foizini tashkil etadi. Avtomobil import bozorida Xitoy mutlaq yetakchi sifatida qolmoqda. Chin o‘lkasidan 6 oy ichida 21 ming 390 ta mashina keltirilgan, bu umumiy importning 87,8 foizini tashkil etadi. Iyun oyida esa O‘zbekistonga olib kirilgan 5968 avtomobilning 5526 tasi — taxminan 93 foizi Xitoydan keltirilgan. Ikkinchi o‘rinni egallagan Janubiy Koreyadan yil boshidan buyon 2032 ta avto keltirilgan. Biroq iyunda bu mamlakatdan faqat 150 ta avto olib kelingan — bu may va aprelga nisbatan ancha kam. Uchinchi o‘rinda esa Hindiston turibdi: 168 ta avto yetkazib berilgan, ammo may-iyun oylarida import to‘xtagan. Qolgan yetkazib beruvchilar — AQSH va Yaponiyadan 145 tadan avto keltirilgan. Boshqa davlatlar hissasi jami 466 avto bilan cheklangan. Benzinli avtomobil importi iyunda umumiy hajmning to‘rtdan bir qismiga ham yetmagan.

Avvalroq 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 23 foizga pasaygani, biroq elektromobillar segmentida keskin o‘sish kuzatilgani haqida ma’lumot berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda iyun oyida avtomobil importi keskin kamaydi | Vaqt.uz