
O‘zbekistonda jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi
17.10.2025 | 15:508802
So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 130 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, millionlab doimiy ish o‘rinlari yaratilgan. Bu haqda Prezidentning kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

17 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari mehnatkash xalq va kasaba uyushmalari faollariga samimiy minnatdorlik bildirib, ularni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi muhim tayanch kuch sifatida e’tirof etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident ta’kidlashicha, geosiyosiy va iqtisodiy beqarorlik avj olayotgan hozirgi sharoitda mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini oshirish eng ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. «Qanchalik qiyin bo‘lmasin, birgalikda mehnat qilib, sinov va mashaqqatlarni munosib yengib o‘tyapmiz», — dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev «Inson qadri uchun» g‘oyasini amalga oshirish maqsadida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilganini qayd etdi. Sakkiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollar investitsiya kiritilib, millionlab yangi ish o‘rinlari yaratilgani, aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetgani ta’kidlandi.
Mehnat va ijtimoiy muhofaza sohasida yangi huquqiy asoslar yaratildi: yangilangan Konstitutsiya, Mehnat kodeksi va «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Bu hujjatlar xodimlar huquqlarini muhofaza qilish va adolatli mehnat munosabatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Prezident Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yuqori baholab, O‘zbekiston bolalar va majburiy mehnatni to‘liq tugatganini ta’kidladi. Bu tajriba xalqaro miqyosda e’tirof etilgan va o‘zbek paxtasi «Cotton Campaign» tashkiloti tomonidan taqiqlar ro‘yxatidan chiqarilgan.
Shuningdek, mamlakat Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Ijtimoiy adolat bo‘yicha global koalitsiyasi» va XMTning «Global akselerator» dasturlarida faol ishtirok etmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, bu natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega kasaba uyushmalarining faol hissasi bor.
«Biz kasaba uyushmalari faoliyatiga aralashmaslik va ularning erkinligini ta’minlash siyosatini qat’iy davom ettiramiz. Inson mehnati — bebaho qadriyat», — dedi davlat rahbari uchrashuvda.
Shuningdek, so‘nggi yillarda 500 mingga yaqin xodimning huquqlari tiklanib, 267 milliard so‘m undirilgan, 13 ming kishi ishga qayta joylashtirilgan, ishda jabrlangan ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon to‘langan. Prezident Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi bitiruvchilari bu sohada qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.





