O‘zbekistonda ko‘mir narxini davlat tomonidan belgilash bekor qilinadi

Bugun 20:083 daqiqa

Shuningdek, umumiy zaxirasi 233 mln tonna, yillik qazib chiqarish quvvati 10 mln tonna bo‘lgan Nishbosh ko‘mir koni o‘zlashtiriladi. Kon negizida umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi quriladi.

O‘zbekistonda ko‘mir narxini davlat tomonidan belgilash bekor qilinadi © Фото: Asia-Plus

O‘zbekistonda 2026 yil 1-iyundan boshlab ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinadi va ushbu mahsulot strategik turlar ro‘yxatidan chiqariladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va yangi investitsiya loyihalari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishgan paytda ma’lum qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, ko‘mir narxi talab va taklif asosida shakllanadi hamda iste’molchilarga birja savdolari orqali sotiladi. Issiqlik elektr stansiyalari va yirik iste’molchilar ko‘mirni “taklif so‘rovi” tartibi asosida, hisobot davridagi o‘rtacha birja narxlarida xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Amaldagi narxlarni ma’muriy belgilash tartibi ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy barqarorligiga, yangi investitsiya kiritish va qazib chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Aholini ta’minlash va sohadagi tashkiliy o‘zgarishlar

Aholi va budjet muassasalarini ko‘mir bilan barqaror ta’minlash uchun alohida mexanizm joriy etiladi. Ko‘mir qazib chiqaruvchilar mahsulotni birja savdolarida alohida savdo maydonchasi orqali yetkazib beruvchi tadbirkorlarga sotadi. Yetkazib beruvchi tadbirkorlar omborxonasi, texnikalari va soliq reytingi kabi mezonlar asosida elektron tizim orqali tanlanadi. Respublika bo‘yicha aholi va budjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan ko‘mir narxlari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish maqsadida temir yo‘lda tashish yagona tarif asosida amalga oshiriladi. “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati tugatilib, hududlardagi 96 ta ko‘mir ombori va texnikalar auksion savdolari orqali sotiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Mycoal.uz portali orqali ko‘mir sotib olgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga 2026 yilning iyun-dekabr oylarida 600 ming so‘mgacha bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bundan tashqari, respublika hududiga olib kiriladigan import ko‘mirning oltingugurt miqdori, kaloriyasi va boshqa ko‘rsatkichlariga yangi ekologik hamda sifat talablari belgilanib, talabga javob bermaydigan mahsulotni sotish taqiqlanadi va import faqat temir yo‘l orqali amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va yangi kon loyihasi

So‘nggi 9 yilda ko‘mir qazib chiqarish ko‘rsatkichi 10 million tonnaga yetkazildi, kelgusi kuz-qish mavsumida esa bu hajmni 11 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bugungi kunda ko‘mir qazib chiqaruvchi xususiy tadbirkorlar soni 18 taga yetib, ular tomonidan 2023-2025 yillarda 117,2 million dollar xususiy investitsiyalar hisobiga 2,4 million tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Angren va Sharg‘un ko‘mirlarini aralashtirish hisobiga issiqlik elektr stansiyalariga 1,5 million tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.

Taqdimotda umumiy zaxirasi 233 million tonna, yillik qazib chiqarish quvvati 10 million tonna bo‘lgan Nishbosh ko‘mir konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Qiymati 494 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha doirasida 880 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Kon negizida 1,3 milliard dollar investitsiya jalb qilgan holda umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish taklif etildi. Ultra yuqori kritik texnologiyalar asosida quriladigan 4 ta energoblok yiliga o‘rtacha 9,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Tog‘-kon sanoatida import o‘rnini bosish salohiyatini 2,1 milliard dollargacha yetkazish imkoniyati mavjudligi sababli, tadbirkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2027-2030 yillarga mo‘ljallangan tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi. Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid