Logo

O‘zbekistonda korrupsionerlarning elektron reyestri yuritiladi

Bugun 12:552 daqiqa

Elektron reyestrga kiritilgan shaxslar davlat xizmati va rahbarlik lavozimlarida ishlay olmaydi, davlat mukofotlariga tavsiya etilmaydi.

O‘zbekistonda korrupsionerlarning elektron reyestri yuritiladi

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi. Bu haqda 22-iyun kuni qabul qilingan qonunda belgilab qo‘yildi.

Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran 3 ish kuni ichida reyestrga shaxs haqidagi ma’lumotlarni kiritadi.

Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.

Elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar belgilanadi:

— davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;

— saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi;

— davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish;

— o‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan ko‘proq qismiga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlarning davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ishtirokchi sifatida qatnashish;

— davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.

Shuningdek, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiya darajasini aniqlash va uni minimallashtirish maqsadida korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi.

Xavf-xatarlar xaritasi quyidagilar asosida shakllantiriladi:

 — korrupsiyaga oid jinoyatchilik statistikasi;

 — korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili;

 — aholining korrupsiyaga bo‘lgan munosabati;

 — korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosatning samaradorligiga doir ma’lumotlar;

 — korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha  faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning axboroti.

Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik natijasida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish qonunda belgilangan tartibda, vakolatli davlat organining, manfaatdor shaxsning arizasiga asosan sud tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zi mehnat faoliyatini olib borayotgan davlat organida korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmasdan 2 yil davomida intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid