Logo

O‘zbekistonda Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilishi mumkin

Bugun 19:552 daqiqa

Ma’lum bo‘lishicha, shu vaqtgacha mamlakatda tadqiq etilgan 20 mingga yaqin ilmiy ishning atigi 10 tasida mahallaga aloqador ayrim masalalar o‘rganilgan.

O‘zbekistonda Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilishi mumkin © Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda joriy yil yakuniga qadar 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish hamda kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Shuningdek, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha tushirish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda mahallalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham ma’lum qilindi.

Mahallalar qo‘shimcha daromad manbai

Qayd etilishicha, yil boshida 37 ta «og‘ir» tuman va 915 ta «og‘ir» mahalla bilan ishlash bo‘yicha alohida tizim joriy etilgan.

Xususan, respublika budjetidan «og‘ir» tuman va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun 12 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir shunday tumanga 50 milliard so‘mdan, har bir mahallaga 2 milliard so‘mdan mablag‘ berilgan. Viloyat hokimliklari tomonidan ham mazkur 37 ta tumanning har biriga 10 milliard so‘mdan, 915 ta mahallaning har biriga esa 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgan.

Taqdimotda Respublika mahalla jamg‘armasiga yana 200 milliard so‘m yo‘naltirilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mahallalar uchun 300 milliard so‘mdan ziyod doimiy qo‘shimcha daromad manbalari yaratilayotgani qayd etildi.

Jumladan, mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning bir qismi mahalla budjetlariga yo‘naltiriladi. Yer va mol-mulk solig‘idan tushadigan tushumlarning ulushi 10 foizdan 15 foizga oshiriladi. Bo‘sh maydonlarni ijaraga berish va ayrim binolarni sotishdan tushadigan mablag‘lar ham mahallalarning o‘zida qoldiriladi.

«Raqamli mahalla» va sun’iy intellekt

Ta’kidlanishicha, «Mahalla yettiligi»ning uyma-uy o‘rganishlari natijasida 1 million 365 ming nafar aholining muammolari aniqlangan.

Ularni tezkor hal qilish uchun 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari «Raqamli mahalla» platformasiga integratsiya qilinadi.

Platforma orqali mahalladagi dolzarb masalalarni aniqlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish va tegishli yechimlarni tezkor belgilash imkoni yaratiladi.

Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali har bir mahalladagi eng dolzarb muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Mahalla uchun alohida ilmiy institut

Taqdimotda mahalla faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Ma’lum bo‘lishicha, shu vaqtgacha mamlakatda tadqiq etilgan 20 mingga yaqin ilmiy ishning atigi 10 tasida mahallaga aloqador ayrim masalalar o‘rganilgan.

Shu munosabat bilan Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish taklifi bildirilgan.

Yangi institut mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish, «yettilik» faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Ushbu tizim orqali har yili 21 ming nafar mahalla tizimi va «yettilik» a’zolarining malakasi oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilishi mumkin | Vaqt.uz