Logo

O‘zbekistonda milliy to‘lov svitchi 2027-yilda ishga tushiriladi

Kecha 11:452 daqiqa

Yangi tizim bank kartalari bo‘yicha ichki operatsiyalarni xorijiy protsessing markazlar o‘rniga mamlakat ichida qayta ishlash imkonini beradi.

O‘zbekistonda milliy to‘lov svitchi 2027-yilda ishga tushiriladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Markaziy banki milliy to‘lov svitchini yaratish ustida ish olib bormoqda. Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonovning «Spot»ga ma’lum qilishicha, loyiha prezident qarori bilan tasdiqlangan jadval asosida amalga oshirilmoqda.

2025-yil noyabrda prezident so‘mdagi barcha to‘lovlar yagona milliy to‘lov svitchi orqali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Loyiha naqd pulsiz hisob-kitoblar xavfsizligi va barqarorligini kuchaytirishga qaratilgan.

Rejaga ko‘ra, 2026-yilda tizim uchun zarur me’yoriy-huquqiy baza shakllantiriladi. Texnik joriy etish ishlari keyingi bosqichlarda davom ettirilib, tizimni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Nima o‘zgaradi?

Jamshid Usmonovning ta’kidlashicha, milliy to‘lov svitchi mamlakat ichidagi barcha operatsiyalar uchun yagona infratuzilma vazifasini bajaradi. Bu esa ayrim bank kartalari bo‘yicha tranzaksiyalarni xorijiy protsessing markazlarida emas, O‘zbekistonning o‘zida qayta ishlash imkonini yaratadi.

«Mamlakatlar asta-sekin milliy svitchlarga o‘tmoqda, chunki bu xorijiy kompaniyalardan mustaqillikni yaratadi va bu ma’lumotlarning barchasini o‘z mamlakatida qayta ishlash imkoniyatini beradi», — dedi Usmonov.

Markaziy bankka ko‘ra, bu yechim to‘lov tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash, ma’lumotlar xavfsizligini kuchaytirish hamda strategik infratuzilma ustidan milliy nazoratni oshirishga xizmat qiladi.

Xavfsizlikka urg‘u

Dunyoning ko‘plab davlatlari so‘nggi yillarda milliy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunday tizimlar tashqi protsessing markazlariga qaramlikni qisqartirish va mamlakat ichidagi to‘lov ma’lumotlarini mahalliy serverlarda qayta ishlash imkonini beradi.

Markaziy bank hozirda 2026-yil uchun belgilangan me’yoriy hujjatlarni qabul qilish ustida ish olib bormoqda. Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, loyiha barcha bosqichlarda tasdiqlangan jadvalga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid