
O‘zbekistonda oltin narxi keskin pastladi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro bozordagi keskin pasayish ortidan O‘zbekistonda oltin qiymati sezilarli ravishda arzonladi.

2-fevral, dushanba kuni Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, og‘irligi 5 gramm bo‘lgan oltin quymasi 9 million 867 ming so‘mdan sotila boshladi. Bu ko‘rsatkich juma kungi narxga nisbatan 908 ming so‘mga arzon. Shu bilan birga, bir gramm oltin qiymati 1 million 973 ming 470 so‘mni tashkil etib, 183 ming 480 so‘m yoki 8,5 foizga pasaydi.
Boshqa vazndagi oltin quymalarining narxlari ham mos ravishda tushgan. Xususan, 10 grammli quyma 19 344 000 so‘m, 20 grammli quyma esa 38 688 000 so‘mga baholangan. Eng yirik hajmdagi 50 va 100 grammli oltin quymalarining sotuv narxlari esa mos ravishda 96 720 000 so‘m va 193 439 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Avvalroq, 26-yanvar kuni 5 grammli oltin quymasi ilk bor 10 million so‘m chegarasidan oshgan edi. Shundan keyin narx ketma-ket uch kun davomida yangi rekordlarni yangilab bordi. 29-yanvar kuni narx biroz pasayib, 10 million 785 ming so‘m darajasida shakllangan edi.
Jahon bozoridagi vaziyat
So‘nggi kunlarda jahon bozorida ham oltin kotirovkalari keskin tushishni boshladi. Hozirda bir troy unsiya oltin 4679 dollardan taklif etilmoqda, bu esa bir gramm uchun taxminan 150,44 dollarga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich 29-yanvar kuni qayd etilgan 5550 dollarlik rekord darajadan 15 foizdan ortiq pasayishni anglatadi.
Mutaxassislar jahon bozoridagi ushbu o‘zgarishlarni AQSHda pul-kredit siyosati bo‘yicha kutilmagan bayonotlar va investorlar kayfiyatining o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Bu omillar oltin kabi himoyaviy aktivlarga bo‘lgan talabning qisqarishiga olib kelgan.





