add

O‘zbekistonda oltinga pul tikishning to‘rt usuli

18.10.2025 | 23:0029205

Oltin o‘ta ishonchli va talabgir mulk shakli. U iqtisodiyotdagi har qanday vaziyatda, ayniqsa inqirozlar davrida sarmoya saqlashning eng samarali va ommabop shakli sanaladi.

O‘zbekistonda oltinga pul tikishning to‘rt usuli
Shu kunlarda oltin narxining ham xalqaro, ham O‘zbekiston miqyosida izchil oshishi, dollar kursidagi doimiy tebranishlar o‘zbekistonliklarda ham oltinga sarmoya kiritishga qiziqishni kuchaytirdi. 17 oktyabr holatiga ko‘ra, 1 gramm oltinning bahosi 1 million 760 ming so‘mni tashkil etmoqda. Yil boshidan beri o‘sish ko‘rsatkichi 48,6 foizga yetgan. Vaqt.uz oltin xarid qilish usullari hamda har bir usulning afzallik-u kamchiliklarini tahlil qiladi.   1-usul: oltin quymalar Oltinni jismoniy holatda qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsangiz, oltin quymalari yaxshi variant bo‘la oladi. O‘zbekiston tijorat banklarida asillik darajasi 999,9 bo‘lgan oltin quymalari 5 gramm, 10 gramm, 20 gramm, 50 gramm va 100 gramm o‘lchamda, davlat tomonidan belgilangan standartlar asosida sotiladi. O‘zbekistonda oltin quymalarini sotib olish va sotish mumkin bo‘lgan banklar ro‘yxati hamda real vaqt rejimida sotuvda mavjud quymalar miqdori bilan Markaziy bank rasmiy sayti orqali tanishish mumkin. Oltin quyma va uning qadog‘i bir hil seriya raqamiga ega. Qadoqda 3 turdagi himoya elementi mavjud:   Oltinni o‘lchovli quyma shaklida sotib olishning afzalliklari:
  • Jismoniy oltinga ega bo‘lasiz, uni ushlab ko‘rishingiz, o‘zingiz istagan joyda saqlashingiz mumkin.
  • Quyma bankdan maxsus qadoqda xarid qilinadi; qadoq sertifikat vazifasini bajargani bois uning ishonchliligini, istalgan vaqtda muammosiz sotish imkoniyatini kafolatlaydi.
Kamchiliklari:
  • Sotib olish va sotish narxi o‘rtasida farq mavjud bo‘lib, bu o‘rtacha 1-5 foizni tashkil etishi mumkin. Demak, sarmoya oltin narxi oshgandagina o‘zini oqlaydi, bu esa muayyan vaqt kutishni talab etishi mumkin.
  • Saqlash masalasi. Quymaga yetkazilgan ozgina zarar ham uning qiymatiga ta’sir ko‘rsatadi, sotish narxining pasayishiga sabab bo‘ladi.
  • Mulk egasida quymani xavfsiz saqlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda banklarda yacheyka xizmatidan foydalanishi mumkin. Yacheyka xizmatlari uchun oylik to‘lov tijorat banklarida 60 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha farqlanadi.
Shuningdek, ayrim tijorat banklari oltin quymani onlayn shaklda sotib olish/sotish xizmatini ham taklif qiladi, bunda shaxsning hisobidagi oltin miqdori va uning milliy valyutadagi qiymati bank mobil ilovasida doimiy ko‘rinib turadi.   2-usul: esdalik oltin tangalar O‘zbekiston Markaziy banki turli yirik sanalar munosabati bilan bir necha dizayndagi, 15 gramm, 20 gramm va 31,1 gramm og‘irlikka ega esdalik oltin tangalar chiqaradi (kumush variantlari ham mavjud). Tangalar 999,9 asillik darajasiga ega bo‘lgan sof oltindan tayyorlanadi. Esdalik tangalarni sotib olish va sotish mumkin bo‘lgan bank shoxobchalari haqida Markaziy bank saytidan ma’lumot topish mumkin. Oltin 01 Afzalliklari:
  • Bu ham jismoniy mulk bo‘lib, qo‘lda ushlab ko‘rish mumkin, shuningdek, tanga noyob kolleksiyadan bo‘lsa, kolleksionerlar uchun alohida numizmatik qiymatga ham ega bo‘ladi.
  • Banklarga ham, xususiy shaxslarga ham qayta sotish imkoniyati mavjud.
Kamchiliklari:
  • Bunda ham saqlash masalasi bo‘lib, yetkazilgan har qanday zarar tanganing qiymati tushishiga sabab bo‘ladi. Masalan, tangalarni tarkibida aktiv kimyoviy birikmalar mavjud bo‘lgan maishiy kimyo mahsulotlari, kosmetik va dori vositalari bilan birga saqlash mumkin emas. Ayniqsa, ularni xlor, yod va simob kabi birikmalarga yaqin saqlash nihoyatda xavfli. Shuningdek, tangalarni banknotalar bilan birga saqlash ham tavsiya etilmaydi, chunki bo‘yoq va qog‘ozda oltingugurt birikmalari mavjud bo‘lib, ular tanga yuzasi qorayishini keltirib chiqarishi mumkin.
  • Esdalik tangalari va suvenirlar to‘plamlarini qaytarib sotib olish qiymati uni topshirilgan kundagi bir gramm qimmatbaho metall narxi va ushbu narxga qo‘llaniladigan chegirmadan kelib chiqib hisoblanadi.
  3-usul: metall hisobvaraq ochish Metall hisobvaraq banklar tomonidan mijozlarga qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish va ularning hisobini yuritish uchun ochiladigan hisobvaraq hisoblanadi. Shaxs tijorat banklariga murojaat qilib, muayyan miqdorda virtual qimmatbaho metall sotib oladi, vaqt o‘tishi bilan bu qimmatbaho metallning narxi ko‘tarilishidan foyda ko‘radi. Hisobraqamni istalgan vaqtda jarima va to‘lovlarsiz yopish va jamlangan summani yechib olish mumkin. Shuningdek, hisobvaraqdan foydalanish davomida qisman pul yechib olish imkoniyati ham mavjud. Metall hisobvaraq ochishda oltindan tashqari kumush, platina va palladiy metallariga ham sarmoya tikish mumkin. Afzalliklari:
  • Quyma oltin va esdalik tangalarga nisbatan yuqori likvidlikka ega.
  • Quyma va tangalarda xarid qilish mumkin bo‘lgan oltinning minimal miqdori qat’iy belgilangan bo‘lsa, bunday emas. 1 gramm oltin uchun ham hisobvaraq ochish mumkin.
  • Saqlash bilan bog‘liq mummolar majud emas.
Kamchiliklari:
  • Hisob jismoniy oltinga egalikni nazarda tutmaydi, hisobni yopishda oltinning faqat puldagi qiymatini olish mumkin.
  • Bankda ichki muammolar, kasodlik holati kuzatilganda sarmoyadan quruq qolish ehtimoli bor.
  • Bu holatda ham oltinni xarid qilish va sotish o‘rtasida chegirma narxi mavjud.
  4-usul: oltin qazib oluvchi korxonalar aksiyalarini sotib olish Oltin savdosiga sarmoya kiritishning yana bir, bilvosita usuli — oltin qazib olish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar aksiyalarini sotib olish hisoblanadi. O‘zbekistonda bunday faoliyat olib boruvchi eng yirik ikki korxona — Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatilari hisoblanadi. Oltin 02 Bunday korxonalarning aksiyalarini sotib olish birjada broker vositasida amalga oshiriladi. «Navoiy kon-metallurgiya kombinati»ning 10-15 foiz ulushi uchun 2025-yilning ikkinchi yarmida, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati»ning 10-15 foiz ulushi uchun 2027-yilning birinchi yarmida IPO — birlamchi ommaviy taklif o‘tkazilishi ma’lum qilingan. Bu yakka tartibdagi shaxslar ham ochiq tartibda aksiyalarni sotib olishi mumkinligini bildiradi. Afzalliklari:
  • Yuqori likvidlik.
  • Oltin narxidan tashqari kompaniyaning bozordagi holati yaxshilanishi ham aksiyalarning qiymatini oshiradi.
  • Aksiyaning o‘z qiymatidan tashqari dividend tushumlari mavjud.
Kamchiliklari:
  • Brokerlik xizmati uchun to‘lov xarajatlari mavjud.
  • Xarid jarayoni yuqorida tilga olingan boshqa usullarga nisbatan murakkabroq.
  • Aksiyalarning qiymatiga oltinning narxi ko‘tarilib-tushishidan tashqari boshqa ko‘plab omillar (iqtisodiyotdagi umumiy vaziyat, kompaniyadagi ichki holat, raqobat va hokazo) ta’sir ko‘rsatadi.
  Investitsiya fondlari Xalqaro amaliyotda ETF (Exchange Traded Fund) lar orqali ham oltinga sarmoya kiritish tajribasi mavjud. ETF bu – birja savdo fondi bo‘lib, birja savdosida aksiyalar kabi sotiladi, lekin tarkibi fond yoki indeksga asoslangan bo‘ladi. Ushbu investitsiya jamg‘armasida sanoat tarmoqlari, obligatsiyalar, tovarlar, turli qimmatbaho aktivlar, jumladan, oltinga sarmoya kiritish orqali foyda ko‘riladi. O‘zbekistonda bunday fondlar 2021 yilda ish boshlashi haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, ularning amaldagi faoliyati haqida ma’lumot mavjud emas. Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda oltinga pul tikishning to‘rt usuli | Vaqt.uz