O‘zbekistonda opsion, fyuchers va «sukuk» qimmatli qog‘ozlari joriy etiladi
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda yangi tahrirdagi «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

O‘zbekistonda opsion, svop, fyuchers va forvard kabi hosila moliyaviy vositalar, shuningdek, islom moliyasi vositalari joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan qilingan taqdimotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda yangi tahrirdagi «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 16 ta bob va 123 ta moddadan iborat ushbu hujjat kapital bozorini zamonaviy bozor normalari asosida tartibga solish, investorlar huquqini himoya qilish, bozor infratuzilmasini mustahkamlash va yangi moliyaviy vositalarni joriy etishga qaratilgan.
Qonun loyihasida xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish nazarda tutilmoqda. Xususan, Xalqaro derivativlar va svoplar assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq, mamlakatimizda opsion, svop, fyuchers va forvard kabi hosila moliyaviy vositalar, shuningdek, netting shartnomasi asosida bitimlar tuzish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Islom moliyasi vositalarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mamlakatda ilk bor sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuki kabi islom moliyasi turlarini o‘z ichiga olgan «sukuk» qimmatli qog‘ozlarini chiqarish shartlari belgilanmoqda.
Mutasaddilarga yangi tahrirdagi «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasini xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilish, bozor infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish va soha uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berildi.





