Logo

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 million so‘mdan oshdi

Kecha 18:452 daqiqa

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi ilk bor 7 million so‘mlik chegaradan oshdi. Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha maosh bank va moliya tizimida qayd etildi.

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 million so‘mdan oshdi © Foto: Stat.uz

O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar—iyun oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 million 91,1 ming so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,4 foizga yuqori.

1



Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda o‘rtacha oylik maosh 12 million 13,9 ming so‘mga yetgan. Bu respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan qariyb 5 million so‘mga yuqori.

Ikkinchi o‘rinni Navoiy viloyati egalladi. U yerda o‘rtacha ish haqi 8 million 722,7 ming so‘mni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati va boshqa sanoati rivojlangan hududlar qayd etilgan.

Eng past o‘rtacha ish haqi esa Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan. Viloyatda o‘rtacha maosh 4 million 864,7 ming so‘m bo‘lib, bu Toshkent shahridagi ko‘rsatkichdan qariyb ikki yarim barobar kam.

Hududlar o‘rtasidagi farq

Ish haqining o‘sish sur’ati bo‘yicha esa boshqa manzara kuzatilmoqda. Eng yuqori o‘sish Jizzax viloyatida qayd etilgan bo‘lib, o‘rtacha ish haqi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,4 foizga oshgan.

Shuningdek, Namangan viloyatida o‘sish 19,4 foizni, Toshkent viloyatida 17,8 foizni, Samarqand viloyatida esa 17 foizni tashkil etgan. Bu esa ayrim hududlarda maoshlar o‘sishi poytaxtga nisbatan tezroq kechayotganini ko‘rsatadi.

2



Sohalar kesimida

Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliyaviy xizmatlar sohasida qayd etildi. Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 19 million 100,2 ming so‘mni tashkil qilgan.

Ikkinchi o‘rinda axborot va aloqa sohasi joylashgan bo‘lib, bu yo‘nalishda o‘rtacha ish haqi 17 million 417,4 ming so‘mga yetgan. Tashish va saqlash sohasida esa o‘rtacha maosh 11 million 70 ming so‘mni tashkil etgan.

Ta’lim va tibbiyotda o‘sish tezroq

Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 4 million 977,1 ming so‘m, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida esa 4 million 440,3 ming so‘m bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar respublika o‘rtacha darajasidan ancha past bo‘lib qolmoqda.

Biroq aynan o‘sish sur’ati bo‘yicha mazkur sohalar yetakchilar qatoridan joy olgan. Xususan, tashish va saqlash sohasida ish haqi 22,8 foizga, ta’limda 20,3 foizga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda 20,1 foizga, qurilish sohasida esa 19,9 foizga oshgan.

3



Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6 million 820 ming so‘mni tashkil etgan edi. Yanvar—iyun yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich ilk bor 7 million so‘mlik marradan oshdi.

Teglar

Mavzuga oid