O‘zbekistonda pensiyadan ushlab qolishlarga chegara qo‘yiladi
Pensionerlarning qarz undirishdagi himoyasi kuchaytirilmoqda. Endi pensiyaning yarmidan ortig‘ini ushlab qolish mumkin emas, qoladigan summa esa minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lmaydi.

16-fevral kuni qabul qilingan 2026 yilgi davlat dasturiga muvofiq, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritish rejalashtirilgan. Yangi norma pensionerlarning qarz undirish jarayonida minimal daromadini saqlab qolishni nazarda tutadi.
Hujjatga ko‘ra, jarima, aliment, kommunal to‘lovlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha ushlanmalardan keyin pensioner qo‘lida qoladigan mablag‘ minimal iste’mol xarajatlari darajasidan past bo‘lmasligi shart. Hozir bu ko‘rsatkich 669 ming so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, oylik ushlanmalar umumiy hajmi hisoblangan pensiyaning 50 foizidan oshmasligi belgilanadi. Mazkur o‘zgartishlarni ishlab chiqish Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasiga yuklatildi.
Jamg‘arma islohoti
Dastur doirasida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ham isloh qilinadi. 2026 yil sentabriga qadar fuqarolarga pensiya yoshiga yetganda shaxsiy jamg‘arma hisoblaridan mablag‘ olish imkonini beradigan hujjat ishlab chiqiladi.
Yil oxirigacha kapitallashtirish mexanizmlarini joriy etish, pensiya aktivlarini uzoq muddatli investitsiya loyihalariga yo‘naltirish hamda kapital bozorini rivojlantirishni nazarda tutgan kompleks dastur tayyorlanadi. Ishlarni muvofiqlashtirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida xalqaro maslahatchilar jalb etilgan loyiha ofisi tashkil etiladi.
Qiyos va fon
Qo‘shni Qozog‘istonda 2021 yildan fuqarolar jamg‘arma mablag‘larini uy-joy xaridi va tibbiy davolanish uchun ishlatish imkoniga ega. Pensiya jamg‘armalari davlat va korporativ obligatsiyalar hamda aksiyalarga investitsiya kiritadi.
O‘zbekistonda esa 2025 yil iyulida Markaziy bank kredit tashkilotlariga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarni avtomatik tarzda qarzlar uchun ushlab qolishni taqiqlagan edi. Shu bilan birga, mamlakatda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Bunda ayollarning pensiya yoshi 58 ga (hozir 55 yosh), erkaklarniki 63 ga (hozir 60 yosh) ko‘tarilishi kutilmoqda.




