O‘zbekistonda sukuk va yangi turdagi obligatsiyalar chiqarilishi mumkin
Qonunchilik palatasi kapital bozorini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Hujjat sukuk va boshqa zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etishni nazarda tutadi.
© bareksa.comOliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat O‘zbekiston kapital bozorini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etishga qaratilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakatda aholi va investorlar uchun bir qator yangi moliyaviy vositalarni muomalaga chiqarish taklif etilmoqda. Ular qatoriga sukuk (islom obligatsiyalari), barqaror rivojlanish obligatsiyalari, qoplangan obligatsiyalar hamda sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar kiradi.
Qonunchilik palatasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur yangiliklar kapital bozori ishtirokchilari uchun moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, investorlar tanlovini kengaytirish va bozorning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Investorlar himoyasi kuchaytiriladi
Qonun loyihasida investorlar va fuqarolar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, kapital bozori infratuzilmasini tartibga solish, korporativ boshqaruv sifatini oshirish, kompaniyalarning axborotlarni oshkor etish bo‘yicha majburiyatlarini kuchaytirish hamda bozorda shaffoflikni ta’minlash nazarda tutilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish, korporativ boshqaruvning xalqaro talablarga mosligini ta’minlash hamda qimmatli qog‘ozlar bozorida ishtirokchilarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan normalarga alohida e’tibor qaratdi.
Xalqaro standartlarga moslashtiriladi
Hujjatda kapital bozori regulyatori faoliyatini Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOSCO) tamoyillariga muvofiqlashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Markaziy depozitariy va reyting agentliklari faoliyatini takomillashtirish, ularning vakolatlari va ishlash mexanizmlarini xalqaro amaliyot asosida qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, ushbu hujjat qabul qilinishi mamlakat moliya bozorini yanada chuqurlashtirish, yangi investitsiya instrumentlarini joriy etish va iqtisodiyotning real sektorini uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.





